Toshkent viloyati Parkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro erta tongda do‘konini ochib qarasa, orqa tarafdagi deraza oynasi sindirilib, panjarasi buzilgan. Javonda qoldirilgan pullar esa yo‘q, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi.
Vaziyatdan xabar topgan ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhi xodimlari voqea joyiga yetib kelib, barmoq izlarini olgach, surishtiruv ishlarini boshladi, biroq harakatlar zoye ketdi.
Jinoyatni amalga oshirgan shaxslar esa bu vaqtda do‘kondan o‘margan 800 ming so‘mini aysh-u ishratga sarflab tugatdi va navbatdagi jinoyat rejasini tuza boshladi.
Un savdosi bilan shug‘ullanuvchi fuqaro xonadonida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, rejani tuzib chiqqan jinoyatchi devor osha uyga kirdi. Javondan ikki dona uyali telefon, ayollar sumkasidan 200 ming so‘m pul va kiyimlar orasidan besh million so‘m topib, xonadon sohibiga jami olti million so‘mga yaqin zarar yetkazgan holda voqea joyidan yashirindi.
Keyingi o‘g‘rilik tumanning chekka mahallalaridan biridagi uyda sodir etildi. Jinoyatchilar xonadondagi matoga o‘ralgan pullarni olib, juftakni rostladi.
Jinoiy guruh keyingi “ish”ini qo‘shni mahalladagi uyda davom ettirishga kelishib, xonadonda hech kim bo‘lmaydigan vaqtni poyladi. Uy egalari ketgach, jinoyatchilardan biri ichkariga kirib, xonalardan 100 ming so‘mdan ortiqroq pulni topgach, yerto‘la qulfini buza boshladi. Shu payt eshik ochilib, xonadon sohibasi paydo bo‘ldi-yu jinoyatchi sarosimaga tushib qoldi. Ayolning yordam so‘rab qo‘shnisinikiga yugurganidan foydalangan o‘g‘ri devor osha qochib ketdi.
Navbatdagi o‘g‘rilik jinoyatchilardan birining amakisi xonadonida sodir etilib, u yerdan jinoiy guruh katta miqdordagi pul va ikki dona Chust pichog‘ini o‘g‘irladi. Mohir hunarmandlar tomonidan yasalgan pichoqlarga Muzaffar deb o‘yib yozilgan edi.
Parkent tumanidagi ketma-ket o‘g‘riliklar tuman IIB xodimlarini yanada hushyorlikka undadi. Ular jinoyatlar sodir bo‘lgan joylardan olgan barmoq izlari aynan bitta guruhga tegishli ekanini aniqladi. Tumandagi ko‘p odam yig‘iladigan joylar, oshxona, restoranlar kuzatuvga olinib, surishtiruv ishlari olib borildi.
Turli surishtiruv ishlari — uyida o‘g‘rilik sodir etilayotganda kelib qolgan ayol, jinoyatchilar tez-tez kelib turadigan oshxona xodimasi va boshqalar bergan guvohliklar yordamida jinoyatlar rejasini tuzgan shaxsning tashqi ko‘rinishi haqida ma’lumot to‘plandi.
Kunlarning birida bozorda surishtiruv olib borayotgan xodim do‘konda go‘sht nimtalayotgan qassobning qo‘lida Muzaffar deb yozilgan Chust pichog‘ini ko‘rib, hushyor tortdi. Qassob pichoqni sotib olgan shaxs qiyofasi haqida aytib berganida, avvalgi ma’lumotlar tasdiqlandi.
Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida jinoyatchi va uning sheriklari qo‘lga olindi.
Izoh (0)