Toshkentda iste’mol qilingan gazni hisoblaydigan yangi elektron uskunalar sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonda resurs tejaydigan zamonaviy gaz uskunalari va hisoblagichlarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda, deyiladi xabarda. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevralda qabul qilingan “Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga zamonaviy hisobga olish uskunalarini va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni paytda xususiy abonentlarning 80 foizi va yuridik shaxslarning 100 foiziga zamonaviy gaz hisoblagich asboblari o‘rnatilgan. Yangi texnologiyalar foydalanilgan gaz miqdorini aniq belgilash, ishlatilgan “zangori olov” uchun to‘lovlarni fleshkart yordamida oldindan amalga oshirish imkonini beradi.
Mutaxassislarning fikricha, zamonaviy gaz o‘lchagichlarning joriy etilishi ko‘plab muammolarni hal qilishga ko‘maklashadi. Ular ishonchliligi va uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangani bilan ajralib turadi. Uskunalarda harorat va bosimni avtomatik tarzda moslashtirish tizimi o‘rnatilgani tufayli “zangori olov”dan foydalanishni aniq hisoblash imkoniyati mavjud.
Yangi gaz o‘lchagich uskunalari nafaqat ko‘rsatkichlarni real vaqt rejimida maxsus serverga jo‘natadi, balki masofadan turib ham boshqariladi. Bu qarzdorlarni gaz ta’minoti tizimidan avtomatik ravishda uzib qo‘yish imkonini beradi. Bundan tashqari, yangi hisoblagichlar ko‘p darajali himoyalanish tizimiga ham ega.
Izoh (0)