“Paxtakor” − “Buxoro” uchrashuvidan keyin “Paxtakor” menejeri chempionlik o‘yini va mavsum to‘g‘risida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Samvel Babayanning fikrlari klub rasmiy saytida keltirilgan.
“Ikkinchi bo‘lim boshida yigitlarda ozgina xotirjamlik sezildi va ularga avvalgidek sur’atda o‘ynash lozimligini aytdim. Ular buni uddaladi hamda muxlislarni chiroyli futbol bilan xursand etdik. Yil davomida olib borgan mehnatimiz samara berdi. Buning uchun butun jamoa birgalikda mehnat qildi.
Bizga bir-birining o‘rnini bosadigan o‘yinchilar borligi qo‘l keldi. Hali mavsum tugamadi. “So‘g‘diyona” va “Bunyodkor”ga qarshi bellashuvlarda ham ishqibozlarga ma’qul keladigan o‘yin namoyish etishga intilamiz.
Men uchun har bir o‘yin eng muhim. Chempionatni Andijonda boshladik. O‘shanda meni futbolchilarning rasmiy o‘yinda qanday futbol ko‘rsatishi o‘ylantirayotgandi. O‘sha bellashuvda yigitlar ko‘rsatmalarimga amal qilib, men istagan o‘yinni namoyish qilayotganini ko‘rdim. Shu sababli har bir bellashuv katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Endigi maqsadimiz Osiyo Chempionlar ligasida finalga yetib borish. Shunga yarasha raqobatbardosh jamoa tuzishga urinamiz. O‘yindan keyin futbolchilarga ham shuni ta’kidladik.
Biz moliyaviy tarafdan eng yaxshi imkoniyatlarga ega emasmiz. Oliy ligada bu borada 5−6-o‘rinlardagi jamoamiz. Shu sababli budjetimizning ma’lum qismini o‘zimiz ishlab topishga intilamiz. Futbolchilarga esa maosh va mukofot pullarini vaqtida to‘lab boryapmiz. Hech qachon o‘yinchilarga oldindan biror narsa uchun va’da bermaymiz. Klub va jamoada barcha o‘z ishini professionallarga xos, masu’liyatni his etgan holda bajaradi”, − dedi Babayan.
Eslatib o‘tamiz, 29-oktabr kuni “Buxoro”ga qarshi o‘yinda g‘alabaga erishgan “Paxtakor” O‘zbekistonning 10 karra chempioniga aylandi.
Izoh (0)