Ukraina janubida joylashgan Odessa yaqinidagi Andreyevka qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 34 yoshli ayol yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini axlat tashlanadigan chuqurda qoldirib ketdi, deb xabar bermoqda “Segodnya”.
Ayolning qo‘shnilari militsiyaga guvohlik berishicha, uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan va ayol uchinchi bor ona bo‘lishni istamagan. “Bundan tashqari, u bolaning otasi eri emas deb o‘ylagan. Shuning uchun ham homiladorligini bekitib, shifoxona ro‘yxatidan o‘tmagan”, — dedi Belgorod-Dnestrovskiy shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot ofitseri Natalya Zaremba.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aniqlanishicha, ayol to‘lg‘oq boshlanishi bilan ko‘chadagi hojatxonaga yo‘l olgan. Chaqaloq tug‘ilgach, axlat to‘kiladigan chuqurga tushib ketgan va chiqindilarga ko‘milgan. Ayol esa bolani olishga urinib ham ko‘rmagan va hech narsa bo‘lmaganday uyiga qaytgan.
Oradan ikki hafta o‘tibgina, ayol bo‘lgan voqeani dugonasiga aytib bergan. Dugonasi esa shu zahotiyoq shifoxona va militsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.
Chaqaloq jasadi chuqurdan qutqaruvchilar tomonidan chiqarib olindi.
Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini o‘ldirgani uchun ayol besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Izoh (0)