Rossiya va Ukraina gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Ukrainaga qishki mavsum uchun gaz narxi 1000 kub metrga 385 dollarni tashkil etadi. Shuningdek, Ukraina gaz yetkazib berilishi uchun mablag‘ni oldindan to‘lashga tayyor ekanligini bildirgan. Bu haqda Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak ma’lumotiga tayanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
Ukraina uchun belgilangan mazkur narxni “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller tasdiqladi. Uning aytishicha, Ukraina 21-oktabr kuni o‘tkazilishi kutilayotgan uch tomonlama uchrashuvga qadar gazning qishki mavsum uchun yetkazib berilishini moliyaviy tomondan ta’minlash masalasini hal qilishi kerak. Miller, shuningdek, “Gazprom” va “Naftogaz Ukraini” kompaniyalari doimiy ravishda telefon orqali maslahatlashuvlar olib borishini qayd etdi.
“Bugun Ukraina gaz yetkazib berish boshlanguncha 1,45 milliard dollarga teng birinchi to‘lovni amalga oshirishga rozilik bildirdi, — dedi ‘Gazprom’ boshqaruvchisi. — U yil yakuniga qadar 3,1 milliard dollarlik mablag‘ni to‘lashga rozi bo‘ldi”.
Joriy haftada Rossiya birinchi to‘lov miqdori bo‘yicha Ukrainaga qo‘ygan talablarini kamaytirdi. Xususan, “Naftogaz Ukraini” tomonidan “Gazprom”ning qarz to‘lash bo‘yicha hisobiga oktabr so‘ngiga qadar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ikki milliard dollar 1,454 milliard dollargacha kamaytirildi.
Izoh (0)