2014-yilning 20-oktabrida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga BMT Taraqqiyot Dasturi boshqaruvi raisi Xelena Klark boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Delegatsiya BMTTD noiblari Martin Xart-Xansen va Jen Xarfst, O‘zbekistondagi BMT vakolatxonasining rahbari, BMTTDning doimiy vakili Stefan Prizner, O‘zbekistondagi BMTTDning doimiy vakili o‘rinbosari Farid Karaxanov, O‘zbekistondagi BMTTD loyihasi rahbari Bahodir Ayyupov, BMTTD xavfsizligi bo‘limi vakili Aziz Ro‘ziqulov, tarjimonlar Ahror Askarov va Alisher Xoshimovlardan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida mehmonlarni Milliy kutubxona bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularga ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlar ma’lumotxona va ro‘yxatga olish xizmatlari, “Kitob muzeyi”, ko‘rgazmalar zali, o‘quv zallari va u yerda foydalanuvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Kutubxonada joriy qilingan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kutubxonaning zamonaviy jihozlanishi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun alohida jihozlangan o‘quv zalida yaratilgan sharoitlar (ayniqsa, Brayl alifbosi asosidagi kompyuter) mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Milliy kutubxonaning noyob durdonalari hisoblangan nodir va qo‘lyozma asarlar fondi, madaniy yodgorliklarni saqlash ishlari, hamda nodir asarlar kolleksiyasi namoyish etildi. Mehmonlarga noyob kitoblarni restavratsiya qilish ishlari amalda ko‘rsatib berildi.
Mehmonlar “Skanerlash va raqamlashtirish xizmati”ga ham tashrif buyurdi. Ular turli formatlardagi bosma nashrlarni skanerlashga ixtisososlashgan jihozlar va raqamlashtirilgan nashrlarning elektron versiyalari sifati bilan tanishdi.
Klark xonim Milliy Kutubxona rahbariyatining o‘zbekona mehmondo‘stligini ta’kidlash barobarida BMTTD loyihasi uchun ajratilgan maxsus o‘quv zali uchun tashakkur bildirdi.
Tashrif so‘ngida BMTTD boshqaruvi raisi Xelena Klark Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi.
Izoh (0)