AQShning harbiy havo kuchlari X-37B rusumli tajribaviy uchuvchisiz boshqariladigan kosmik kemasi Vandenberg harbiy havo bazasiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Bu haqda baza vakillariga tayanib “TASS” xabar bermoqda.
Kosmik kema orbitada 674 kun yoki 22 oy bo‘lgan. Avvalroq ushbu missiya AQSh mudofaa vazirligi manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilganligi haqida ma’lum qilingan edi. Apparat 2012-yilning dekabr oyida Atlas 5 raketasi yordamida Florida shtatining Kanaveral burunidan uchirilgan.
Kosmik kema yerdan 200—750 kilometr balandlikda parvoz qilishga mo‘ljallangan. U razvedka vazifalarini bajarish, kosmosga unchalik katta bo‘lmagan yuklarni olib chiqishga qodir. U shuningdek, josus-sun’iy yo‘ldoshlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi asbob-uskunalarning tajribasini o‘tkazishda qulaydir.
Qator ekspertlarning fikricha, mazkur kosmik kema harbiy maqsadlarda foydalanishga, xususan, dushman sun’iy yo‘ldoshlarini ishdan chiqarishga mo‘ljallangan. Pentagon esa buni inkor etmoqda va mazkur kosmik kema shunchaki yangi texnologiyalarni sinab ko‘rish uchun platforma ekanligini ta’kidlamoqda.
Bu X-37B’ni ishlab chiqarish va sinash bo‘yicha dasturni amalga oshirish maqsadida uchinchi marotaba uchirilishi bo‘lgan. Parvoz va bazaga qo‘nish avtomatik ravishda amalga oshirilgan va, ekspertlarning baholashicha, juda muvaffaqiyatli kechgan.
X-37 Boeing korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. U taxminan besh tonna parvoz massasiga, 8,9 metr uzunlikka, 2,9 metr balandlikka ega. Qanotining uzunligi 4,5 metrni tashkil etadi.
Izoh (0)