Rossiyaning Xitoy bilan shartnomasiga muvofiq ushbu mamlakatga yetkaziladigan gaz narxi Markaziy Osiyo davlatlaridan Xitoyga sotilayotgan gaz narxiga teng. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi savdo vakili Aleksey Gruzdev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Eksport qilinayotgan gaz narxi odatda rasman e’lon qilinmaydi. Biroq u Markaziy Osiyodan Xitoyga yetkazib berilayotgan gaz narxi bilan deyarli teng yoki birozgina ortiq”, − dedi Gruzdev. Shuningdek, u 13-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan ikki mamlakat hukumati rahbarlarining 19-uchrashuvida “g‘arbiy yo‘nalish” bo‘yicha Xitoyga gaz yetkazib berish haqida ham hujjat imzolanishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yil may oyida “Gazprom” va CNPC o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq Rossiya Xitoyga 30 yil davomida har yili 38 milliard kubometrdan gaz yetkazib berishiga kelishilgan bo‘lib, bitimning umumiy narxi 400 milliard dollar ekanligi ma’lum qilingan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz yetkazib berish 2019-yildan boshlanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)