Bank muassasalarini baholashning turli xil usullari mavjud. Bozor kapitalizatsiyasi dunyodagi eng yirik banklarni aniqlashdagi eng maqbul yo‘llardan biri hisoblanadi. Ochiq aksiyadorlik jamiyatining sof qiymati uning bozor kapitalizatsiyasi orqali hisoblanadi. Uzbekistan Today nashri bozor kapitalizatsiyasi borasidagi ma’lumotlarga tayangan holda dunyoning eng yirik 10 ta banki ro‘yxatini keltirib o‘tdi.
Reytingning o‘ninchi pog‘onasini Avstraliyaning Commonwealth Bank of Australia banki egalladi. Uning bozor kapitalizatsiyasi 131,53 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Bank 1911-yilda tashkil etilgan bo‘lib, to‘la xususiylashtirilgan xalqaro bank hisoblanadi. U fond birjasida ro‘yxatga olingan Avstraliyadagi eng yirik ikkinchi xususiy kompaniyadir.
To‘qqizinchi o‘rinda Xitoy banki (Bank of China) joylashdi, uning bozor kapitalizatsiyasi 115,92 milliard AQSh dollariga tengdir. 1912-yilda tashkil etilgan ushbu muassasa Xitoyning eng qadimgi bankidir. U butun dunyo bo‘ylab o‘z vakolatxonalariga ega.
Sakkizinchi o‘rinni Xitoyning yana bir banki – Xitoy qishloq xo‘jalik banki (Agricultural Bank of China) egalladi, uning bozor kapitalizatsiyasi 126,41 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Bankning 320 million jismoniy shaxslardan iborat mijozlari va deyarli uch million korporativ mijozlari bor. Bank dunyo bo‘yicha 24 ming filialga ega.
Yettinchi o‘rinda bozor kapitalizatsiyasi 144,63 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan Citigroup joylashdi. Uning bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shahri Manxetten okrugida joylashgan. Citigroup ushbu ro‘yxatdagi Amerikaning ikkinchi eng yirik bankidir.
Oltinchi o‘rinni – Xitoy qurilish banki (China Construction Bank) band etdi, uning bozor kapitalizatsiyasi 160,83 milliard AQSh dollariga tengdir. China Construction Bank Xitoydagi ikkinchi eng yirik kreditordir.
Beshinchi o‘rinni Bank of America egalladi, uning bozor kapitalizatsiyasi 181,77 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu bankning bosh qarorgohi AQShning Shimoliy Karolina shtati Sharlotta shahrida joylashgan.
To‘rtinchi o‘rinda HSBC Holdings banki bo‘lib, uning bozor kapitalizatsiyasi 191,43 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. HSBC Holdings ushbu ro‘yxatdagi yagona Britaniya banki bo‘lib, uning dunyo bo‘ylab 125 million mijozlari va taxminan yetti ming filiali mavjud.
Uchinchi o‘rinda Xitoy savdo-sanoat banki (Industrial and Commercial Bank of China) joylashdi. Mazkur bank Xitoyning eng yirik tijorat banki hisoblanib, uning bozor kapitalizatsiyasi 196,21 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinni bozor kapitalizatsiyasi 229,90 milliardni tashkil etuvchi Amerika konglomerati JP Morgan Chase & Co egalladi. Ushbu bank 2000-yilda Chase Manhattan Corporation va JP Morgan & Co’larning birlashishi natijasida paydo bo‘lgan.
Birinchi o‘rinni dunyo bo‘ylab bank va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi xalqaro Wells Fargo kompaniyasi egalladi. Uning bozor kapitalizatsiyasi 261,72 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Izoh (0)