AQSh Kongressi Senatining qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi katta respublikachisi Jeyms Inxof juma kuni Pentagonga G‘arbiy Afrikada Ebola virusiga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha 750 million AQSh dollari ajratishga rozilik berdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Inxof o‘zining bayonotida: “Bugun men Vakillar palatasidagi hamkasblarim fikriga qo‘shilaman va Pentagon talabiga ko‘ra ‘Birlashgan yordam’ operatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun mudofaa vazirligiga keyingi olti oy mobaynida 750 million AQSh dollarini ishlatishiga ruxsat beraman”, — deb ta’kidladi.
Shu bilan birga, u AQSh prezidenti Barak Obama ma’muriyatini kuchli tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, ma’muriyatning bu borada aniq tadbirlar rejasi yo‘q. U bundan buyon moliyalashtirishning boshqa manbalarini ham izlash kerakligini qayd etdi.
Ushbu mablag‘ni Afrikaga to‘rt ming nafar harbiy jo‘natish, shuningdek, epidemiyaga qarshi kurashayotgan shifokorlarga yordam tariqasida yuborish rejalashtirilmoqda. Avval bu mablag‘ Afg‘onistondagi harbiy kampaniyaga mo‘ljallangan edi.
Ebola virusi keltirib chiqaradigan kasallik epidemiyasi uni to‘xtatishga qaratilgan xalqaro xatti-harakatlardan ilgarilab ketmoqda. Bu haqda juma kuni BMT bosh kotibining kasallikka e’tibor qaratish bo‘yicha maxsus elchisi David Nabarro bayonot berdi.
Maxsus elchining fikriga qo‘shilgan holda, “Vaqt bizga qarshi ishlamoqda. Ebola ancha ilgarilab ketgan, biz esa ungacha bo‘lgan bo‘shliqni yengish uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rishimiz lozim”, — deb qayd etdi Ebola epidemiyasiga tezkorlik bilan e’tibor qaratish bo‘yicha BMT missiya rahbari Entoni Benberi.
Izoh (0)