Xorazm viloyatining turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish va rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martda e’lon qilingan 2013—2015-yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risidagi farmonini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Dastur doirasida Xiva shahrida umumiy qiymati 53,6 million dollardan ziyod mablag‘ga teng turizmni rivojlantirishga qaratilgan 90 dan ziyod loyiha va tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ulardan 20 tasi joriy yilning iyun oyida to‘liq yakunlandi. Jumladan, shahar markaziy qismi bilan birgalikda Xivaning asosiy rejasi ishlab chiqildi.
Eshon Rabot ko‘li qirg‘og‘ida turistik majmua ishga tushdi. Bu yerda baliqchilik yo‘lga qo‘yilib, oromgohlar, yurtalar, dam olish joylari rekonstruksiya qilindi. Ulardan uzoq bo‘lmagan hududda avtomobil to‘xtash joylari va “Otaboy xarrat” choyxonasi bunyod etildi.
Shuningdek, Bibi Xojar maqbarasi, Chodir va Muzxona majmualari, Otajon tora madrasasi hamda qo‘g‘irchoq teatri qayta ta’mirlandi. Olloqulixonning yozgi “Bog‘ishamol” bog‘ida dam olish va ko‘ngil ochish uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. “Zafarbek” mehmonxonasi rekonstursiya qilinib, zamonaviy choyxona qurildi.
Bundan tashqari, Xiva gilamlari ishqibozlari uchun gilamlarning to‘liq katalogi tuzildi. Suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Urganchda aeroportning kutib olish zali rekonstruksiya qilinib, pasport nazoratini tezlashitirish maqsadida yangi skanerlar o‘rnatildi.
Shuningdek, turistlar uchun Shovot kanali qirg‘og‘ida yangi dam olish joylari ochildi. “Tabassum” restorani qoshida multimedia muzeyi o‘z ishini boshlab, ayni damda bu yerda yangi mehmonxona ham foydalanishga topshirildi.
Amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlar natijasida Xorazm viloyatiga tashrif buyurvchilar soni so‘nggi yilda 1,5 barobar ko‘paydi.
Izoh (0)