Buyuk Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi uchun jamoatchilik kampaniyasini boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda The Telegraph’ga tayanib “Interfaks” xabar bermoqda.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Buyk Britaniyaning a’zoligi shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Bryussel bilan kelishuvga erishilmasa, u mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi to‘g‘risida referendum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi. Jumladan, Kemeron Yevroittifoq davlatlaridan Buyuk Britaniyaga migratsiyani cheklash huquqini qo‘lga kiritmoqchi (ayni paytda Yevropa Ittifoqining barcha fuqarolari Buyuk Britaniyada ishlash huquqiga ega). Agar kelishuvga erishilmasa, a’zolikni saqlab qolish bo‘yicha referendum 2017-yilda o‘tkazilishi mumkinligi aytilmoqda.
Devid Kemeron yevrointegratsiyani cheklash va Bryusselning Buyuk Britaniya ichki ishlariga aralashuvini kamaytirish g‘oyasini ilgari surib keladi. Jumladan, u Lyuksemburgning sobiq Bosh vaziri Jan-Klod Yunkerning Yevropa Komissiyasi rahbari lavozimiga tayinlanishiga ham qarshi edi. 2014-yil 15-iyulda bu lavozimni egallagan Yunkerning saylovoldi kampaniyasida Yevropa integratiyasini yanada chuqurlashtirish, umumiy tashqi siyosat bo‘limi vakolatlarini kengaytirish g‘oyalari ilgari surilgan edi.
Izoh (0)