Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida “Biz — buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Viloyati hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, o‘quvchi va talabalar, xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilayotgan sportchi yoshlar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbirda bir guruh faol yoshlar viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Buvayda tumani yoshlariga Prezident Islom Karimov sovg‘asi — Isuzu avtobusi topshirildi.
Taniqli san’atkorlar va yoshlar ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilarga xushnud kayfiyat baxsh etdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda viloyatdagi 919 umumta’lim maktabi, 157 akademik litsey va kasb-hunar kolleji, beshta oliy o‘quv yurtida minglab yoshlar zamonaviy ilm-fan sirlarini o‘rganmoqda. 20 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi, 54 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, 27 ta bolalar musiqa va san’at maktabi yoshlar ixtiyoriga topshirilgan.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida uchta musiqa va san’at maktabi, yetti sport inshooti bunyod etildi. 20 dan ziyod umumta’lim maktablarining binolari rekonstruksiya qilindi. Farg‘ona shahrida “Yoshlar” majmuasi, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Farg‘ona va Quvasoy shahrida “Kamolot uylari” bunyod etildi.
Joriy yilda viloyatdagi kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 60 mingdan ziyod yigit-qizning aksariyati o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi.
Izoh (0)