O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Islom Karimov sammitga ShHTda kuzatuvchi maqomidagi mamlakat rahbari sifatida tashrif buyurgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi. Tomonlar turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini muhokama qildi; bu aloqalarni, xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
Transport-kommunikatsiya sohasi o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishidir. 2011-yilda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon temir yo‘l koridorini ishga tushirish bo‘yicha bitim imzolangani bunga misol bo‘la oladi. Ta’kidlash joizki, transmintaqaviy transport koridorini ochishga qaratilgan (ishtirokchi mamlakatlar tomonidan o‘z vaqtida ilgari surilgan loyiha deb baholangan) bu tashabbus O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ekspertlarning fikricha, mazkur loyiha iqtisodiy jihatdan katta salohiyatga ega. Yangi bozorlarga chiqishning bunday qulay yo‘li boshqa mamlakatlar, xususan, Xitoy va Rossiya uchun ham manfaatli bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston rahbari 12-sentabr kuni ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining 14-majlisida ishtirok etadi.
Izoh (0)