2014-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Unga binoan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda saylov sohasida yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar uchun bir qator ma’muriy javobgarliklar belgilandi, deb xabar bermoqda Xushnudbek.uz.
Jumladan, Kodeksga ushbu qoidalarni tartibga soluvchi “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” nomli yangi bob kiritildi.
Ushbu bobdan quyidagi sakkizta yangi turdagi ma’muriy javobgarlik o‘rin oldi:
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish (mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima);
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik (mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima);
- Nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish (mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima);
- Saylovoldi tashviqotini, referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish (eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima);
- Nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish (fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima);
- Saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va saylov yoki referendum o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish (eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima);
- Saylovni yoki referendumni moliyalashtirish tartibini buzish (fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima);
- Jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini chop etish (e’lon qilish) tartibini buzish (mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima).
Izoh (0)