2014-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Mazkur hujjat asosida, to‘qqizta Kodeks, 19 ta Qonun va bitta Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar berdi Xushnudbek.uz.
Jumladan, Jinoyat kodeksining “Davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish” deb nomlangan 228-1-moddasiga (prim bir) o‘zgartish kiritildi.228-1-modda birinchi qismi sanksiyasining o‘zbekcha matnidagi “ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “qamoq” degan so‘z bilan almashtirildi.
Moddaning oldingi tahririda g‘arazgo‘ylik yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, davlat proba tamg‘asini qonunga xilof ravishda tayyorlash, o‘tkazish yoki undan foydalanish, shuningdek, uni qalbakilashtirish — eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deyilgan edi.
Ammo Jinoyat kodeksining 50-moddasiga ko‘ra, ozodlikdan mahrum qilish olti oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi. Mazkur moddadagi “olti oygacha” degan jumla, ozodlikdan mahrum qilishga emas, balki qamoq jazosiga taaluqlidir.
Jinoyat kodeksining 48-moddasiga asosan, qamoq — shaxsni batamom ajratgan sharoit ostida saqlashdan iborat bo‘lib, bir oydan olti oygacha muddatga belgilanadi.
Mazkur o‘zgartirishga oid batafsil ma’lumot bilan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning saytida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)