Sentabrning ikkinchi o‘n kunligida Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida 17-Osiyo o‘yinlari boshlanadi. Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Gonkong, Bangladesh va Afg‘oniston bilan bir guruhga tushgan. Hozirda qit’a o‘yinlariga zo‘r tayyorgarlik olib borilmoqda. “Jar” stadionidagi mashg‘ulot bir yarim soat davom etmoqda. Mirjalol Qosimov va uning yordamchilari jarayonda turli hujum taktikalari ustida ish olib boryapti, deb xabar bermoqda Uff.uz.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlarda, asosan, Osiyo o‘yinlariga yo‘l oladigan tarkib vakillari ishtirok etyapti. “Menga Baxtiyor Ashurmatov yordam beryapti. Shuhrat Maqsudov bugun Iordaniyadan qaytadi. Kecha uning jamoasi Ummon shahrida Iordaniya termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Ertadan Shuhrat ham murabbiylar shtabini to‘ldiradi”, — dedi murabbiy.
Mirjalol Qosimov yig‘inda ishtirok etayotgan futbolchilardan 20 nafari Inchxonga borishi, ulardan ikki nafari darvozabon ekanligini aytdi.
“Kutilmagan holat yuz bermasa, mashg‘ulotda qatnashayotgan Eldor Suyunov va Nikita Ribkin Osiyo o‘yinlarida qatnashadi. Qolgan 18 nafar futbolchini 4-sentabr kuni Iordaniya terma jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng aniqlab olaman. Yoshi kattalardan Islom To‘xtaxo‘jayev, Fozil Musayev va Farhod Tojiyevning Koreyaga borishlari qariyb oydinlashdi. Oldinda yana ikkita o‘yin bor. Kutilmagan jarohatlar futbolchilarning dushmani hisoblanadi. Hammasi joyida bo‘lsa, aynan ular Osiyo o‘yinlariga yo‘l oladi. Terma jamoamiz oldida mas’uliyatli vazifa turibdi. Bundan 20 yil avval Xirosimadagi 12-Osiyo o‘yinlarida ko‘rsatgan natijamizni takrorlashga harakat qilamiz”, — deb qayd etdi Mirjalol Qosimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda o‘tkaziladigan ikkita o‘rtoqlik o‘yinida maydonga ikki xil tarkib tushadi: “Osiyo o‘yinlariga juda oz vaqt qolgani bois, 4-sentabr kuni Iordaniya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik bahsida aynan Inchxonga yo‘l oladigan futbolchilar maydonga tushadi. Yangi Zelandiya bilan uchrashuvda esa bugungi kundagi terma jamoamizning eng kuchli tarkibi o‘ynaydi”.
Qosimov legionerlardan Server Jeparov, Temur Kapadze, Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov, Sanjar Tursunov, Anzur Ismoilov va Aziz Haydarovga chaqiruv qog‘ozi jo‘natilganini aytib, ularning Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushishini ma’lum qildi. Shuningdek, 8-sentabr kungi o‘yinda Ignatiy Nesterov, Shavkat Mullajonov, Jasur Hasanov, Shuhrat Muhammadiyev kabi ichki chempionatda to‘p tepayotgan o‘yinchilarga ham imkoniyat beriladi.
Bosh murabbiy 17-Osiyo o‘yinlarining guruh bosqichidan 100 foizlik natija bilan “pley-off”ga chiqish terma jamoa maqsadi ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)