Joriy yilning 6—20-sentabr kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida futbol bo‘yicha o‘smirlar (U-16) o‘rtasida navbatdagi Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Mazkur qit’a chempionatida ishtirok etadigan 16 terma jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishadi. Amaldagi Osiyo chempioni O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi “C” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib Quvayt, KXDR va Nepal termalari bilan kurash olib boradi.
Har bir guruhda 1-2-o‘rinlarni egallagan terma jamoalar pley-off bosqichida g‘oliblik uchun kurashni davom ettiradi. Chorak finalda g‘alaba qozongan jamoalar yarim finalga chiqish bilan birga, 2015-yili Chili davlatida bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritadi.
Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi birinchi uchrashuvni 7-sentabr kuni nepallik tengdoshlariga qarshi o‘tkazadi.
Izoh (0)