Kompyuter xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar xakerlarning sirlari, xususan, ularning qancha ishlab topishlarini fosh qildi. Bu haqda “Vesti” xabar bermoqda.
“Kasperskiy laboratoriyasi” mutaxassislari keng tarqalgan xakerlik ishlari keltiradigan foydani hisoblab chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, xakerlar hujumni tashkillashtirishga ketadigan mablag‘dan 20 barobar ko‘proq daromad ishlab topishi mumkin.
Jumladan, mashhur ijtimoiy tarmoqlardan birining fishing (soxta) sahifasini yaratish va spam-jo‘natmalarni tashkillashtirish o‘rtacha 150 AQSh dollari atrofidagi mablag‘ni talab qiladi. Agar mazkur qarmoqqa 100 kishi ilinsa, xakerlar ularning shaxsiy ma’lumotlari — telefon raqamlar, shaxsiy suratlar va yozishmalarni sotish orqali kamida 10 ming dollar ishlab olishi mumkin.
Mobil troyan-bloklovchi dastur va uning tarqalishi uchun o‘rtacha 1000 dollar ajratilishi kerak. Bunda xakerlarga, misol uchun 100 kishining bloklanib qolgan smartfonlarini ochib berish (10 — 200 dollar) jami 20 ming dollar daromad keltiradi.
Xuddi shunday mablag‘ni shifrlash dasturlari orqali ham ishlab topish mumkin. Biroq ular kamida ikki barobar ko‘proq mablag‘ — 2000 dollar talab qiladi. Mazkur dasturlardan foydalanib xakerlik hujumini amalga oshirish foydalanuvchilarga ancha qimmatga tushadi. Negaki, ma’lumotlarni shifrdan chiqarish uchun ular xakerlarga o‘rtacha 100 dollar to‘lashi kerak.
Firibgarlar foydalanuvchilar pulining ortidan quvadigan bank troyanlarini ishga solish orqali yanada ko‘proq daromad topishi mumkin. Kiberjinoyatchilar eksployt va o‘zining maxsus spam-jo‘natmasi bilan birgalikda sotiladigan bunday dasturga 3000 dollar atrofida pul sarflab, 72 ming dollargacha bo‘lgan mablag‘ni qo‘lga kiritishi mumkin. Bunda bir foydalanuvchi o‘rtacha 722 dollar miqdorida jabr ko‘radi.
“Zarar yetkazuvchi dasturni sotib olish bugun katta muammo emas: ularni turli xakerlik forumlarida topish mumkin. Dasturlar narxining arzonligi esa ulardan foydalanish imkonini kengaytiradi. Bundan tashqari, bunday yo‘lni tanlagan kiberjinoyatchilardan professional bo‘lish ham talab etilmaydi: ular belgilangan narxga hujumni amalga oshirish uchun dasturlarning tayyor paketini xarid qilishi mumkin. Bunday vaziyatda foydalanuvchilardan qimmatli ma’lumotlar va pulni boy bermaslik uchun ogoh bo‘lish talab etiladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘zining qurilmasini va u orqali internetda olib boriladigan barcha harakatlarini kimgadir ishonishda yanada e’tiborliroq bo‘lishlari kerak”, — deydi “Kasperskiy laboratoriyasi”ning virusga qarshi kurashuvchi bosh mutaxassisi Aleksandr Gostev.
Izoh (0)