Toshkentda yengil atletika bo‘yicha mamlakat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan 306 sportchi ishtirok etdi. Faqat xorazmlik sportchilar chempionatdan chetda qoldi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Jamoalar o‘rtasida kuchlilar guruhida poytaxtliklarga teng keladigan raqib topilmadi. Ular 569 ochko jamg‘arib birinchilikni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin farg‘onaliklar (380 ochko) va poytaxt viloyati (373) vakillariga nasib etdi. Ikkinchi guruhda Sirdaryo (249), Namangan (245) hamda Surxondaryo (190) sportchilari peshqadamlik qildi.
Bahslarda bir qator atletlar yaxshi sport formasida ekanligi namoyon bo‘ldi. Jumladan, sport ustalari normativlarini uddalaganlar orasida toshkentlik sprinter Abbos Toshmatovni ajratib ko‘rsatish mumkin. U 100 metr masofaga yugurishda 10,74 soniya natijani qayd etdi. Abbos, shuningdek, 200 metrga yugurish va 4x100 metr estafetada ham g‘olib chiqdi.
Surxondaryolik Sitora Hamidova 5000 metr masofaga yugurishda 16:24.30 natija bilan zafar quchdi.
Uzoqqa sakrash sektorida murosasiz kurash e’tiborni tortdi. Darya Reznichenko 6,38 metrga sakradi va Anastasiya Juravlyovani bor-yo‘g‘i bir santimetrga ortda qoldirib, chempion bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi ko‘pkurashda bir yo‘la ikki sportchi — Yuliya Tarasova va Olga Gluxovkina tahsinga loyiq natijaga erishdi. Yadro otish bo‘yicha bahslarda Sofiya Burhonova va Yelena Smolyanova olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Bosqon uloqtiruvchilar Suhrob Xo‘jayev va Anastasiya Aslanidu, nayza otuvchilar Bobur Shokirjonov va Anastasiya Svechnikova ishonchli g‘alabalarga erishdi.
Yaqindagina o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempionatida munosib qatnashgan o‘zbekistonlik sportchilar endi kattalar o‘rtasidagi bahslarda ham mahoratlari oshib borayotganini namoyish eta oldi. Biroq bir nechta yetakchi sportchi uzrli sabablar bilan chempionatni o‘tkazib yubordi.
Chempionat natijalari xalqaro arenalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilar bor ekanligini ko‘rsatdi.
Izoh (0)