O‘FF Prezidenti Mirabror Usmonov 23-avgust kuni Chig‘atoydagi o‘quv-mashg‘ulot bazasida Tailand mamlakatida tashkil etiladigan U-16 o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga safarga otlanayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari va murabbiylar shtabi bilan uchrashdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
Uchrashuv chog‘ida O‘FF Prezidenti terma jamoa a’zolariga omad tiladi. O‘FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov ham O‘zbekiston U-16 o‘smirlar terma jamoasining Osiyo Chempionatida munosib ishtirok etishiga tilak bildirdi. U bu borada O‘FF rahbariyati terma jamoa a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, terma jamoa futbolchilarining oila a’zolari va yaqinlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston U-16 o‘smirlar terma jamoasi Osiyo Chempionati oldidan o‘zining yakuniy yig‘inini o‘tkazish uchun 24-avgust kuni Malayziyaga jo‘nab ketadi. Mazkur yig‘in davomida o‘zbekistonlik futbolchilar 26 va 28-avgust kunlari Malayziya U-16 termasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Malayziyadagi yig‘in yakuniga yetgach, terma jamoa Osiyo Chempionatida ishtirok etish uchun u yerdan to‘g‘ri Tailandga yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, Tailandda bo‘lib o‘tadigan U-16 o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 6—20-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Aleksandr Mochinov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-16 terma jamoasi musobaqaning guruh bosqichida Nepal, Quvayt va KXDR o‘smirlar termasiga qarshi o‘ynaydi.
Izoh (0)