Milliy matbuot markazida “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston yengil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va uni yanada rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Bugungi kunda yengil sanoatning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,7 foiz, sanoat mahsulotlari hajmida 26,2 foiz, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda esa 44 foizdan ortiqni tashkil etadi.
Ayni paytda paxta tolasini qayta ishlash hajmi 44 foizga yetdi. Mahsulot eksporti hajmi 130 barobar o‘sib, joriy yil yakuni bo‘yicha bir milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
“O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi o‘z faoliyatida chet el investitsiyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘tgan 23 yilda jalb etilgan bunday investitsiyalar hajmi 1,8 milliard dollarni tashkil qildi. Buning samarasida 150 dan ortiq yirik investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etildi. So‘nggi ikki yilda 35 sanoat korxonasi foydalanishga topshirildi va 11 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Yiliga 16 ming tonna ip ishlab chiqarish quvvatiga ega “DEU Buxoroteks”, 15 ming tonna ip ishlab chiqaradigan “Indorama Qo‘qon tekstil”, lentali, taroqli va chambarakli yigiruv mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Riter O‘zbekiston” xorijiy korxonalari shular jumlasidandir.
“O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun uning tarkibida faoliyat yuritayotgan 300 korxonaning 200 tasi kichik korxonadir. Ular yiliga 450 ming tonna ip, 160 million pogon metr to‘qimachilik mahsulotlari, 60 ming tonna trikotaj polotno, 180,3 millionta tikuvchilik-trikotaj buyumlari ishlab chiqaradi.
O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligi arafasida kompaniya 22 yangi sanoat korxonasini foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda. Bu 2014-yil yakunlari bo‘yicha sanoat mahsulotlari va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmini 23 foizga oshirish imkonini beradi.
Soha mutaxassislari istiqboldagi vazifalar haqida to‘xtalar ekan, tayyor gazlama ishlab chiqarish hajmini oshirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar turini kengaytirish, shuningdek, tikuv va tikuvchilik-trikotaj tarmoqlarini rivojlantirish uchun sun’iy va sintetik tola hamda kalava ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Izoh (0)