“Ash Shabob” va O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz Haydarovning Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishi so‘roq ostida turibdi. Haydarovning agenti San’at Sharipov tomonidan xabar qilinishicha, “Ash Shabob” futbolchini terma jamoaga qo‘yib yuborishni istamayapti. Bu haqda Uff.uz xabar berdi.
“Aziz Haydarov Osiyo o‘yinlarida qatnashmaydi. ‘Ash Shabob’ mavsum boshida besh bora ketma-ket prinsipial raqiblarga qarshi o‘ynashi sababli klub Azizni qo‘yib yubormasligini ta’kidladi.
Klubning yangi bosh murabbiyi Aziz Haydarov sardor sifatida jamoaga yordam berishi lozimligini aytgan. Osiyo o‘yinlari FIFA taqvimiga mos kelmasligi sababli, arablar Aziz Haydarovni terma jamoa ixtiyoriga qo‘yib yubormaslik huquqiga ega.
Aziz Haydarovning o‘zi O‘zbekiston terma jamoasi safida Janubiy Koreyadagi musobaqaga borishni juda ham istamoqda. Ammo hozirgi vaziyatda klub rahbariyati qaroriga bo‘ysunishga majbur. Kim biladi deysiz, balki vaziyat o‘zgarar?” — deydi San’at Sharipov tvitterdagi sahifasi orqali.
Ma’lumot uchun, Mirjalol Qosimov O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida uch nafar yoshi 23 dan katta futbolchilar ro‘yxatini Islom To‘xtaxo‘jayev, Aziz Haydarov va Server Jeparovlar bilan to‘ldirishni rejalashtirgan edi.
Izoh (0)