Yevropa Ittifoqi Ukraina sharqidagi vaziyat barqarorlashishi bilan Rossiyaga kiritgan sanksiyalarini bekor qilishi mumkinligi haqida bayonot berdi. Bu haqda Yevroittifoqning Moskvadagi elchisi Vigaudas Ushatskasning axborotiga tayanib, “Segodnya” xabar bermoqda.
Elchi choralarning bir qismi Qrimning noqonuniy egallab olinishi bilan bog‘liq bo‘lishiga qaramay, vaziyat barqarorlashsa, sanksiyalarni bekor qilish haqida o‘ylab ko‘rilishini aytdi. “Biz shunday davom etib, yangi sanksiya kiritishni istamaymiz. Yaqin kunlarda Rossiyaning Ukraina davlati va xalqaro huquqqa bo‘lgan hurmatini ko‘rsatishi hamda xalqaro normalarga muvofiq ravishda gumanitar yordam berishiga umid qilamiz”, — dedi Vigaudas Ushatskas.
Shuningdek, u Prezident Putinning Ukrainadagi mojaroni tezroq hal qilish uchun barcha kerakli ishlarni amalga oshirishini aytganini yodga solib, bu so‘zlarning “aniq harakatlarga aylanishiga umid qilayotgan”ini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi ikki bosqichli sanksiyalarni joriy qilgan edi. Unga ko‘ra, qora ro‘yxatdan Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan shaxslar, Rossiyaning bir necha bank va kompaniyalari joy olgan. Mazkur chora tadbirlari RF iqtisodiyotining pasayishiga sabab bo‘lib, hozirda u bir qator rossiyaliklarga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Izoh (0)