Xitoyning Shenjen shahri yo‘l-patrul xizmati haydovchilarning yuqori yorug‘lik tarqatuvchi moslamalardan noto‘g‘ri foydalanishiga qarshi yangi chora ishlab chiqdi. Bu haqda China Real Time xabar bermoqda.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining ma’lum qilishicha, o‘ta yorug‘ chiroqlarni yoqib ketayotgan haydovchilar endilikda politsiya avtomobilidagi yorqin faralarga bir necha daqiqa davomida qarab turishga majbur bo‘ladi.
Politsiyaning “Hamon yorug‘lik qurilmalaridan beg‘amlik bilan foydalanyapsanmi? Unday bo‘lsa, bugundan boshlab seni bizning o‘ta yorqin moslamalarimizga besh daqiqa qarab turishga majbur qilamiz”, — degan ogohlantirishi “smaylik” bilan yumshatilib, internetga joylandi.
Mazkur chora internet foydalanuvchilari o‘rtasida turlicha baholandi. Ko‘pchilik qarorga ijobiy munosabat bildirgan bo‘lsa, ayrimlar yo’l-patrul xizmatining qonun-qoidaga rioya qilishi lozimligini ta’kidlab, yangi jazo qaysi huquqiy hujjatga asoslanganini so‘rab, o‘zining haq-huquqini talab qildi. Bundan tashqari, ko‘riladigan chora haydovchilarning sog‘lig‘iga ziyon yetkazishi mumkinligi, bu esa, o‘z navbatida, yo‘l-transport hodisalari ko‘payishiga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.
Yorug‘ chiroqqa qarab turishdan tashqari, haydovchilar 300 yuan (49 dollar) miqdoridagi jarimaga ham tortiladi. Qayd etilishicha, jarima yorug‘likka bir necha daqiqa qarab turish jazosiga nisbatan ko‘proq samara berishi mumkin.
Izoh (0)