Afrikadagi 20 davlat Sahroi Kabir atrofida qurg‘oqchilikka mustahkam daraxtlardan iborat katta o‘rmon — Buyuk yashil devorni yaratish uchun birlashdi. Bu haqda Science Alert nashri xabar berdi.
Shimoliy Afrikaning katta qismini egallab, jami maydoni hozirda 9,4 million kvadrat kilometrni tashkil etuvchi cho‘l Senegal, Mavritaniya va Nigeriya tomonga qarab kattalashishda davom etmoqda. The Guardian’ning qayd etishicha, hech qanday chora ko‘rilmasa, 2025-yilga kelib, Afrikadagi sug‘oriladigan yerlarning uchdan ikki qismi cho‘l tarkibiga kirib ketadi.
Cho‘llanish va iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning kamayishi, yer degradatsiyasi singari muammolarni hal qilish niyatida Senegal boshchiligidagi 20 davlat Buyuk yashil devorni qurish tashabbusi bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Sahroi Kabirning janubiy chegarasida kengligi 14 kilometr, uzunligi 7600 kilometrni tashkil etuvchi daraxtlar devori quriladi. Loyiha yakunlanishi bilan o‘rmon tarixdagi eng katta bog‘dorchilik namunasiga aylanadi.
Tashabbus doirasida, shuningdek, fermerlik va chorva mollari yetishtirish faoliyatini barqarorlashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Buyuk yashil devor minglab mahalliy aholi uchun ish o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi.
Loyiha bir necha xalqaro tashkilotlar, xususan, Buyuk Britaniyaning Qirollik Botanika bog‘lari, Jahon banki, Afrika ittifoqi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ular birgalikda o‘rmon uchun uch milliard dollar mablag‘ ajratish va mutaxassislar bilan ta’minlashga va’da berdi.
Izoh (0)