Falastinning HAMAS tashkiloti KXDR bilan qurol-yarog‘ yetkazib berish haqida bitim tuzishga urinmoqda. Bu haqda 26-iyul, shanba kuni Britaniyaning The Telegraph nashri G‘arb xavfsizlik xizmatlariga tayanib xabar berdi.
Gazeta yozishicha, guruh Pxenyandan Isroilga hujum uyushtirishda asqotadigan raketalar va aloqa qurilmalarini sotib olmoqchi.
Bitim qiymati “yuz minglab dollar”ga baholanmoqda. Muzokaralar Beyrutdagi HAMAS bilan yaqin aloqada bo‘lgan Livan kompaniyalaridan biri orqali olib borilmoqda. Taxmin qilinishicha, radikal guruh vakillari dastlabki to‘lovni amalga oshirib bo‘lgan va KXDRning yaqin vaqt ichida G‘azoga qurol yetkazib berishini kutmoqda.
Isroil razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS arsenalida o‘ng mingga yaqin minomyotlar va raketalar, jumladan, Quddus, Tel-Aviv va Hayfagacha yetib bora oladigan raketalar saqlanmoqda. Harbiy ekspertlar falastinliklar Pxenyanning yer osti tunnellari tarmog‘i qurish tajribasini ham o‘zlashtirgani haqida gumon qilmoqda.
Izoh (0)