Hozirgi vaqtda Jizzax viloyatida ta’mirlash va rekonstruksiya ishlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan to‘qqizta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat olib bormoqda. Shulardan biri — “Navro‘zbuloq” istirohat bog‘i bo‘lib, yaqin orada u kengaytiriladi. Bu haqda “Narodnoye slovo” gazetasi xabar berdi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida “Maqsuda — Nazokat” xususiy korxonasi egasi Sunnatullo Boyxo‘rozov Navro‘zbuloq hududida attraksion, kafe va savdo nuqtalaridan iborat istirohat bog‘ini foydalanishga topshirgan edi. Bog‘ 1,2 gektar maydonni egallagan bo‘lib, unda 5000 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar, archa, 100 ga yaqin buta va bir yillik gullar ekilgan.
Tadbirkorning aytishicha, u bog‘ qurilishi uchun bankdan olgan 450 million so‘m miqdoridagi kreditga o‘z mablag‘ini ham qo‘shgan. Yaqin orada Navro‘zbuloqda sun’iy qoplamali mini-futbol va basketbol maydonchalari, tennis maydoni, basseyn va kemping qurish ishlari boshlanadi. Shuningdek, to‘rt gektarli yerda tomchilab sug‘oriladigan mevali bog‘ yaratish rejalashtirilmoqda.
Sunnatullo Boyxo‘rozov ayni damda qarindoshlar, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bilan birgalikda jami 20 kishi doimiy ish bilan ta’minlanganini qayd etib, “Bu bizning oilaviy biznesimiz”, — deb ta’kidladi.
Izoh (0)