O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan xo‘jalik boshqaruvi organining korporativ veb-saytiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Nizom hukumatning 2-iyul kuni qabul qilgan “Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan, deya xabar beradi “Kun”.
Nizomda qayd etilishicha, aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan xo‘jalik boshqaruvi organining korporativ veb-sayti Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarga ham muvofiq bo‘lishi kerak.
Korporativ veb-saytda jamiyat faoliyatining predmeti va maqsadlari; jamiyatning tashkiliy tuzilmasi, uning tarkibiy bo‘linmalari, filiallari, vakolatxonalari, sho‘’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlarining nomi, ularning telefonlari raqamlari, manzili (pochta va elektron manzillari), ularning ish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; jamiyatning rahbarlari (direktor va boshqaruv raisi) to‘g‘risidagi ma’lumotnoma axborot; bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, jamiyat tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar (majlislar, kengashlar, uchrashuvlar, matbuot konferensiyalari, seminarlar va brifinglar, davra suhbatlari, rasmiy tashriflar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, matbuot-relizlar va kundalik faoliyat to‘g‘risidagi boshqa axborot, yillik moliya-xo‘jalik faoliyatni tekshirish natijalari bo‘yicha auditorlik tashkilotining xulosasi va boshqalar majburiy joylashtirilishi kerak.
Korporativ veb-sayt qulay va oddiy interfeysli bo‘lishi, qayta aloqa bog‘lash, yuridik va jismoniy shaxslardan murojaatlarni qabul qilish, saytdagi axborotni arxivlashtirish, yangiliklarga obuna bo‘lish imkoniyati bo‘lishi kerak, shuningdek, veb-saytning mobil versiyasi kerak va birinchi galda davlat tili – o‘zbek tilidagi versiyasi bo‘lishi shart.
Jamiyat o‘z saytiga joylashtiriladigan axborotning ishonchli va holisona bo‘lishi uchun mas’ul bo‘lib, unga joylashtirilgan axborot yo‘q qilinishi, blokirovka qilinishi, buzilishi va qalbakilashtirilishining, shuningdek ruxsat berilmagan aralashuvlar boshqa shakllarining oldini olish bo‘yicha jamiyat tomonidan himoya qilishning tegishli chora-tadbirlari ko‘rishi kerak. Korporativ veb-saytdagi axborotning to‘liq va to‘g‘riligi uchun jamiyat ijroiya organi rahbari javobgar hisoblanadi.
Qarorda qayd etilishicha, korporativ veb-saytda undagi axborot materiallaridan boshqa shaxslar foydalanganda jamiyatning korporativ veb-saytiga majburiy havolalar ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi talab ko‘rsatilishi kerak, ayni vaqtda, korporativ veb-saytda boshqa manbalardan ma’lumotlarni joylashtirishga faqat axborot manbai ko‘rsatilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Izoh (0)