O‘tgan yili O‘zbekiston hududida topilgan va OAVlarda mamont deb atalgan ulkan jonivor qoldiqlari ayni paytda Geologiya muzeyida saqlanmoqda.
Muzey direktori Ahmadjon Ahmedshoyevning Uzbekistan Today nashriga ma’lum qilishicha, topilma ustida tadqiqot ishlari davom etmoqda. “Qoldiqlarning mamontlar o‘tmishdoshlari — arxidiskodonlarga tegishli ekani isbotlandi, — dedi u. — Topilmaning aniq yoshi Yadro fizikasi institutidagi izlanishlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi”.
Ahmedshoyev ushbu arxidiskodonning taxminan 2 million 800 ming yildan 800 ming yil avvalgi davr oralig‘ida yashab o‘tganini aytdi. Yadro fizikasi instituti tadqiqotlari yarim yilda nihoyalanishi ko‘zda tutilgan.
Muzey tashrifchilari topilmani joriy yil so‘ngida tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. “Hozirda qoldiqlarga ular parchalanib ketmasligi uchun maxsus eritma bilan ishlov berilmoqda. U suyakning barcha qavatlariga singishi uchun vaqt talab etiladi”, — dedi direktor.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkent viloyati Ohangaron vohasidagi Ovjazsoy hududida O‘zbekistonda ilk bora janubiy mamont qoldiqlari topilgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)