Ummon sultonligi tashqi ishlar vazirligi bosh kotibining ayoli Nora ad-Dahir bir necha soatda ikki million funt sterling yutqazgach, Londondagi The Ritz kazinosiga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
50 yoshli ad-Dahir so‘zlariga ko‘ra, uning kazino o‘yinlariga bog‘lanib qolganidan xabardor bo‘lgan muassasa xodimlari ayolni to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rmagan. Uni hech kim to‘xtatmagani bois ad-Dahir shunday katta miqdorda pul yutqazib qo‘ygan.
Nashrda qayd etilishicha, Nora ad-Dahirning London kazinosidagi o‘yinlari uchun sarflanadigan mablag‘ 1,7 million funt sterling bilan cheklab qo‘yilgan. Biroq boy berilgan mablag‘ miqdori chegaraga yetgach, uning qiymati kazino xodimlari tomonidan ikki million funt (3,4 million dollar)gacha ko‘tarilgan.
Muassasa xodimlari o‘zlariga qo‘yilgan aybni tan olmayapti. Ular o‘yin davomida ad-Dahir narxlarni o‘zi belgilagani, buning uchun ayolga bosim o‘tkazilmaganini ta’kidlamoqda.
Ayni damda Nora ad-Dahirga qarshi u taqdim qilgan cheklarning ayrimlari ta’minlanmagani yuzasidan ayb qo‘yildi.
Nora xonim tanishlarining aytishicha, u o‘yinlarga tobe bo‘lib qolgani bois har yili turli mamlakatlarda katta mablag‘ yutqazadi.
Izoh (0)