Fransiya prezidenti Fransua Olland va AQSh prezidenti Barak Obama rasmiy Moskvani Ukrainadagi nizoni tinchlantirish uchun barcha choralarni ishga solishga chaqirdi, deya xabar beradi “Kun”.
Aks holda, Agence France-Presse axborot agentligining 20-may, juma kuni tarqatgan xabariga ko‘ra, Rossiya nisbatan yangi sanksiyalar joriy etiladi.
AQSh va Fransiya prezidentlari o‘zaro telefon suhbatidan so‘ng, Rossiyadan Ukraina sharqida harakat qilayotgan rossiyaparast jangovar kuchlarga harbiy harakatlarni to‘xtatishi murojaati bilan chiqish qilishni talab etgan.
Bundan tashqari, Obama va Olland Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko tomonidan e’lon qilingan, o‘t ochishni bir tomonlama to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni ham mamnuniyat bilan kutib olgan.
Fransiya va AQSh prezidentlari rossiyalik hamkasblari — Vladimir Putinni “Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish va chegaradagi nazoratni kuchaytirishga” chaqirgan.
“Ushbu yo‘nalishda rivojlanish alomatlarining bo‘lmasligi Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishiga sabab bo‘ladi”, — deyiladi Obama va Ollandning qo‘shma bayonotida.
O‘z navbatida, Yevropa diplomatiyasi rahbari Ketrin Eshton Rossiyani, Vladimir Putinning nufuzi va ta’sir doirasidan foydalangan holda, Poroshenkoning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “ochiq va aniq harakatlar”ni qilishga chaqirgan.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg ham deyarli shunday bayonot bilan chiqish qilib, Ukraina sharqidagi harakat qilayotgan rossiyaparast isyonchi kuchlardan qurollarni tashlashni talab qilgan.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisi Didye Burkxalter esa Poroshenkoning o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi bayonotini olqishlab, nizolashayotgan tomonlarni siyosiy inqirozni bartaraf etish yo‘lida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
20-iyun, juma kuni Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Donbassga amalga oshirgan ilk ishchi tashrifida mamlakat sharqidagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tinchlik rejasini taqdim etdi.
Hujjat 15 banddan iborat bo‘lib, unda — o‘t ochishni to‘xtatish, noqonuniy qurolli tuzilmalarni chiqarib yuborish, rossiyalik va ukrainalik yollanma harbiylarning chiqib ketishi uchun kafolatli yo‘lak tashkil qilish, qurolsizlanish kabilarni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, Ukraina va Rossiya chegarasida o‘n kilometrlik bufer zonasini tashkil etish ham rejalashtirilmoqda.
Rossiya prezidenti ma’muriyati esa Poroshenkoning rejalarani “isyonchilarga qo‘yilgan ultimatum” deya baholab, hujjatda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan “Donetsk xalq respublikasi” va “Lugansk xalq respublikasi” tarafdorlari bilan muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilmaganini qayd etib o‘tdi.
Izoh (0)