Turli sabablarga ko‘ra respublikamizda sodir bo‘lgan 229 ta yong‘in oqibatida uch nafar fuqaro tan jarohati olgan. Ushbu yong‘inlarda 867 million 504 ming 695 so‘mdan ortiq qurilish materiallari va 1 milliard 265 million 942 ming 274 so‘mlik moddiy boylik saqlab qolingan, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida joylashgan uylarning birida gaz chaqnashi sodir bo‘ldi. Oshxonadagi gaz plitasiga o‘rnatilgan gaz ballonining nosoz reduktoridan sizib chiqqan gaz hidini sezmagan uy egasining 13 yoshli o‘g‘li Shohruh, oshxonaga kirib gugurt yoqqan vaqtida xonaga to‘plangan gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida uyning 20 kv. metr maydonda uy jihozlari yonib, uy egasining o‘g‘li Shohruh kuyish tan jarohati olib tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida yashovchi fuqaro Oskin uyida mast holda sigareta chekib, uxlab qolishi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Derazadan chiqayotgan tutunni ko‘rgan qo‘shnilarning tezkor harakatlari natijasida uy egasi tutun orasidan hech qanday tan jarohatisiz qutqarilib, yong‘inni o‘chirilishiga erishildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashovchi S. Rahmatovning uyida elektr yoritish moslamasining (svetilnik) yoqiq holda qarovsiz qoldirilishi yong‘in chiqishiga olib keldi. Yong‘in qisqa vaqt ichida uyning ichki qismiga tarqalib, 60 kv. metr maydonda tom qismi va uy jihozlari zararlangan.
Izoh (0)