O‘zbekiston shimoli-g‘arbidagi Shoxpaxta konida yil boshidan qazib olingan tabiiy gaz hajmi 110,2 million kubometrni tashkil etdi, bu loyihadagi ko‘rsatkichdan 8,7 million kubometrga ko‘pdir. Bu haqda UzDaily xabar berdi.
Bu yerda konni rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullanayotgan Gazprom International mutaxassislari 2014-yilda 300 million kubometr gazni qazib olishni rejalashtirgan.
Konda 2004-yildan buyon qazib olingan gaz hajmi bugungi kunda 2,6 milliard kubometrdan oshadi.
Ta’kidlash joiz, Shoxpaxta konini rekonstruksiya qilish Gazprom International kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk loyihasidir. U 2004-yilda 15 yillik muddatga imzolangan Mahsulotni taqsimlash haqidagi bitim shartlari asosida amalga oshirilmoqda.
Shoxpaxta — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani hududidagi Ustyurt palatasida joylashgan kon. U 1962-yilda ochilgan. Ayni paytda Shoxpaxtadagi gaz zaxirasi 7,4 milliard kubometr deb baholanmoqda.
Izoh (0)