JCh—2014 guruh bosqichidan o‘rin olgan Germaniya bilan Portugaliya uchrashuvida “nemis mashinasi” portugallarni yanchib tashladi. Bu haqda Uff.uz xabar berdi.
Uchrashuv teng kurashlar ostida boshlandi. Ikki jamoa ham yaxshi hujumlar tashkil qila boshladi, biroq 12-daqiqaga kelib Bruno Alvesh Getsega nisbatan qo‘pollik ishlatdi va Patrisiu darvozasiga penalti belgilandi. 11 metrli nuqtaga yaqinlashgan Myuller mo‘ljaldan adashmadi — 1:0.
Navbatdagi gol ham Yoaxim Lev shogirdlari tomonidan kiritildi. 32-daqiqada burchakdan to‘p o‘yinga kiritildi, barchadan yuqori sakragan Xummels hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi.
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas Pepe va Myuller o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi va hakam Portugaliya termasi himoyachisini maydondan chetlatdi.
Bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan nemislar bo‘lim yakunida hisobni yana bittaga oshirdi. Krossning uzatmasini Myuller jarima maydonida qabul qilib oldi va Bruno Alveshni ortda qoldirib, darvozaga aniq zarba yo‘lladi — 3:0.
Ikkinchi bo‘limda Portugaliya termasi va Krishtianu Ronaldu qanchalik gol urishga urinmasin, omad ulardan bu oqshom yuz o‘girgan edi.
78-daqiqadagi Myullerning uchinchi goli Germaniyaning Portugaliya ustidan ishonchli — 4:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa “G” guruhidagi yetakchilikni hozircha Germaniya o‘z qo‘liga oldi.
Izoh (0)