2014-yilning 22-may — 2-iyun kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida trampolin bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik Amiran Babayan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qit’aning yetakchi yosh trampolinchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan musobaqada Amiran Babayan yakkalik bahslarda to‘rtinchi natijani qayd etdi. Bu esa unga joriy yilning 16—28-avgust kunlari Nankin shahri (Xitoy)da o‘tkaziladigan II o‘smirlar yozgi Olimpiadasida qatnashish huquqini berdi.
Shu tariqa, o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilarimiz soni 27 nafarga yetdi. Jumladan, badiiy gimnastika sport turida – yettita, og‘ir atletika va boksda – uchtadan, akademik eshkak eshish, o‘q otish, sport gimnastikasi va yunon-rum kurashida – ikkitadan, taekvondo, dzyudo, baydarka va kanoeda eshkak eshish, stol tennisi, trampolin hamda ayollar kurashida bittadan yo‘llanma qo‘lga kiritilgan.
Bugungi kunga kelib “Nankin—2014” o‘yinlariga Toshkent shahridan olti nafar, Buxoro viloyatidan to‘rt nafar, Toshkent viloyatidan uch nafar, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridan ikki nafardan, Surxondaryo, Navoiy, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bir nafardan sportchi ega bo‘lgan.
Og‘ir atletika va sport gimnastikasi turlarida o‘smirlar Olimpiadasiga boradigan sportchilar nomi hali e’lon qilinmagan.
Izoh (0)