Jizzaxda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy sport musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar 14 shart bo‘yicha bahslashdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilaridan tuzilgan jamoalar bir necha sport turlari bo‘yicha jismoniy tayyorgarligini namoyish etib, harbiy sohaga oid bilim va amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi Baxmal maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining “Yosh chegarachilar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyati Urgut agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining “Amir Temur vorislari” jamoasi ikkinchi, Andijon viloyati Xo‘jaobod ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejining “Vatanparvar” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
– Bizning kollejda zamonaviy ta’lim olish va jismoniy chiniqish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi “Yosh chegarachilar” jamoasi sardori Sherzod G‘ozibekov. – Harbiy vatanparvarlik saboqlarini puxta egallashda kollej va tumandagi harbiy qismlar o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bilim yurtida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” to‘garagida o‘rganganlarimiz bugun juda qo‘l keldi.
G‘oliblar kubok, diplomlar hamda faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)