“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Mening biznes g‘oyam” respublika tanlovining Farg‘ona viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 100 nafar bitiruvchisi o‘z biznes loyiha va g‘oyalari bilan ishtirok etdi, deb yozadi O‘zA.
Tadbirda yoshlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha biznes loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazildi. Unda malakali mutaxassislar tomonidan biznes-reja va uni ishlab chiqish yo‘llari hamda bankdan kredit olishning tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Keraksiz matolardan yumshoq o‘yinchoqlar tayyorlashga yo‘naltirilgan biznes rejam bilan ishtirok etdim, – deydi Oltiariq iqtisodiyot kolleji bitiruvchisi Muyassar Alijonova. – Ushbu hunar turi bilan oilaviy shug‘ullanamiz. Loyiham hay’at a’zolari tomonidan yuqori baholanib, moliyaviy ko‘mak olish huquqini beruvchi maxsus sertifikatga ega bo‘lganimdan xursandman.
Tanlovda 30 nafar ishtirokchining biznes g‘oyasi eng yaxshi loyiha, deb topilib, ularga bank kreditlari ajratilishi bo‘yicha sertifikatlar topshirildi. 10 nafar bitiruvchi esa tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)