25-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida sohaning 2014-yil birinchi choragi yakunlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilish va rivojlantirish, faoliyatning istiqboldagi maqsad-vazifalari hamda yo‘nalishlarini belgilab olishga bag‘ishlangan navbatdagi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mitaning axborot xizmati xabar berdi.
Hay’at yig‘ilishida ta’kidlanganidek, 2014-yilning birinchi choragida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 23,0 foizga, jumladan, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 19,0 foizga o‘sgan. 2013-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarga asosan korxonalarning o‘z mablag‘lari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar rejasi 167 foizga bajarildi.
Internetga ulanish kanali soniyasiga 11,2 gigabitga yetdi. Keng polosali texnologiyalar asosida, jumladan, FTTx arxitekturasi hamda xDSL texnologiyasini rivojlantirish uchun o‘rnatilgan portlar soni 583,9 mingtaga yetkazildi (2014-yil boshida 575 mingta bo‘lgan).
Ayni kunda dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarining milliy reyestri ro‘yxatiga bugunga qadar 47 ta kompaniya kiritilgan.Shuningdek, yig‘ilishda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali holati, istiqboldagi vazifalar, yangi xizmatlarni qo‘shish masalasi ham muhokama qilindi. Hisobot davrida Yagona portal orqali aholi tomonidan davlat organlariga 12 mingdan ziyod murojaatlar yo‘llangan. Aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida, yil boshidan buyon 20 dan ziyod interaktiv xizmatlar (jami 180 ta) joriy qilindi.
Izoh (0)