Toshkentdagi “Telemetrik” kompaniyasida elektron sport axboroti tablolari ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
2013-yili korxonada O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga asosan tayyorlangan tablolar Samarqand, Termiz, Navoiy va boshqa shaharlardagi stadionlarga o‘rnatildi, deb yozadi “Kun”.
Korxona rahbari Yuriy Vyunnikning so‘zlariga ko‘ra, tablo to‘plami boshqarish, sudya pultlari, klaviaturalar, kompyuterlar, dasturlardan iborat. “Tablolar zamonaviy konstruksiya materiallari asosida energiyatejamkor yorug‘lik diodli chiroqlar asosida tayyorlanadi. Bu jihozlarning uzoq muddat va energiyani tejagan holda ishlashini ta’minlaydi”, – deya qo‘shimcha qildi Vyunnik.
Bugungi kunda 20 dan ortiq mutaxassis mehnat qilayotgan jamoada sport o‘yinlarining turiga mos ravishda turli o‘lcham va shakldagi yorqin tablolar tayyorlanmoqda. Misol uchun, voleybol, basketbol, tennis o‘yinlari uchun alohida, kurash, karate bellashuvlari uchun boshqa turdagi tablolar mavjud. Ayni kunda yong‘in xavfsizligi sport turlariga mo‘ljallangan tabloni tayyorlash va yig‘ish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
O‘zAning qayd etishicha, bugungi kunda 120 turdagi sport inventarlarining 116 tasi O‘zbekistondagi mahalliy korxonalar tomonidan tayyorlanmoqda. Jumladan, Samarqanddagi “Stekloplastik”, Andijondagi “Xo‘jaobod”, Namangandagi “Mashxim” korxonalari o‘nlab turdagi sifatli sport anjomlarini ishlab chiqarmoqda.
Izoh (0)