48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Shavkat Jazilov sud tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U 2024-yil may oyida Bayterek tumanida to‘rt nafar vatandoshining o‘limida aybdor deb topildi. Bu haqda “KazTAG” nashri xabar berdi.

“Maxsus tumanlararo jinoyat ishlari bo‘yicha sud 48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Shavkat Jazilovga hukm e’lon qildi. 2024-yil may oyida Bayterek tumanida dahshatli jinoyat sodir bo‘ldi. Yong‘in natijasida to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana biri kuyish jarohatlari oldi. Sud hukmiga ko‘ra, Shavkat Jazilov bir nechta odamni o‘ldirishda aybdor deb topildi va unga umrbod qamoq jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.
U mavsumiy ishlarga kelgan bo‘lib, jami 15 nafar muhojir birgalikda vaqtinchalik turar joyda yashagan.
Fojia 2024-yil 9-may kuni yuz bergan. O‘sha kuni ishchilar ulardan birining tug‘ilgan kunini nishonlagan. Ish materiallariga ko‘ra, Jazilov vatandoshlariga nisbatan ziddiyatli munosabatda bo‘lib, ularga bolta va ketmon bilan tahdid qilgan. Navbatdagi mojarodan so‘ng u binodan chiqib, “Hozir hammaning jonini olaman” deb aytgan va yonilg‘i solingan kanistrni olov yonayotgan plitaga uloqtirgan. Tez alangalangan yong‘in yengil yonuvchi materiallardan qurilgan uyni butkul qamrab olgan.
Natijada 4 kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi kuyish jarohatlari olgan.
Jabrlanuvchilar sud jarayonida onlayn ishtirok etgan. Ular fuqarolik da’vosi bildirmagan, biroq Jazilovga umrbod qamoq jazosi berilishini va u O‘zbekistonga qaytmasligini talab qilgan. Aks holda, o‘zlari jazolashlarini aytishgan.
Jazilov esa aybini qisman tan olgan. U kanistrda benzin emas, suv bor deb o‘ylaganini ta’kidlagan. Ammo sud bu versiyani rad etgan.
Izoh (0)