“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — buxorolik 52 yoshli ayol.
Umrining uch yilini Rossiyaning Shimoliy Sibiridagi Alyaska o‘rmonlarida, keyinchalik Aliskerovo, Baranixa, Valkumey aholi yashash posyolkalarida o‘tkazgan ayol Peshku tumanida yashaydi.
Yoshim 52 da. 1991-yili Nozim ismli hamqishlog‘imga turmushga chiqqanman. 1993-yili farzand ko‘rdik. O‘g‘lim 2 yoshga to‘lganda — 1995-yili egiz qizlarimiz tug‘ildi. Ayni o‘sha yillar og‘ir, o‘tish davri ekanigami, ancha qiynalganmiz.
Oilamiz katta. Turmush o‘rtog‘im 8 farzandning to‘rtinchisi. Hali ikki qaynsinglim va bir qaynukam uy yuzida, turmush qurishmagan. O‘rtancha qaynakam va ovsinim ham ikki bolasi bilan shu hovlida. Boz ustiga, qaynona-qaynotam ham ilojsizlikdan bizga alohida hovli qilib chiqishimizni tez-tez eslatib turishardi.
Egiz qizlarimiz bir yoshga to‘lib-to‘lmay 1996-yili turmush o‘rtog‘im hamqishloqlari ko‘magida Rossiyaga ishga jo‘nab ketdi. Avvaliga ozmi-ko‘pmi pul jo‘natib turgan erim keyinchalik xabarlashmay ham qo‘ydi. Turmushga chiqmagan qaynsingillarim-u ovsinlarim o‘rtasida “Eri pul jo‘natmaydigan kelin” bo‘ldim. Ular: “Akamgayam kerak emassizki, xabar ham olmay qo‘ydi. Bolalaringizni olib, hovlini bo‘shatib qo‘ying!”, — deyishgacha borishdi.
“O‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq” bo‘lib qoldim. Menga faqat keksayib qolgan qaynona-qaynotamgina dalda bo‘lardi. “Nevaralarimga ul-bul olib berasan”, deb nafaqa pullarining ma’lum qismini qizlaridan yashirincha berishardi. O‘zim esa tomorqalarda ishlab, ro‘zg‘or tebratardim.
Shunday kunlar bo‘ldiki, qizlar-u ovsinlar men va farzandlarimga qo‘shib, hadeb tarafimni olgani uchun ota-onasini ham hovli chetidagi xarob uyga ko‘chirib o‘tkazishdi. Qaynakamlar esa indashmadi. Ularning uylari kattalashgan, lekin ko‘ngillari toraygan edi.
Qish chillasida keksa qaynotam dalalardan o‘tin yig‘ib kelishga majbur edi. Unga rahmim kelar, qo‘yarda-qo‘ymay, men ham u bilan birga o‘tin yiqqani chiqardim. Shunday kunlarning birida qaynonam vafot etdi. Bir tayanchimdan ayrildim. Qaynonamning dafn marosimlari o‘tib, qaynotam ham to‘shakka mixlandi. Uch farzandim va qaynotamga qarashdan ortmadim. Ota-onamdan yordam so‘radim. Otam ukamni qaynotamga qarashishi uchun oldimga jo‘natdi. Birga parvarishladik, g‘amxo‘rlik qildik. Yuvib-taradik. Asta-sekin qaynotam oyoqqa turdi. Farzandlaridan emas, mehrni kelinidan ko‘rgani uchun tili doim duoda bo‘ldi.
O‘rmonzordagi kulba egasini chuv tushirgan nobakor er
1998-yili hech vaqosiz, bir ahvolda Nozim kirib keldi. Na suvrat, na siyrati qolgan. Onasining o‘limini eshitmagan ham ekan. Ko‘p yig‘ladi, ko‘p qayg‘urdi. O‘ziyam xorijda juda xo‘rlangan, azob chekkan ekan.Avvaliga Nozimni katta va’dalar bilan qarz evaziga Rossiyaga olib ketgan hamqishloqlari ular aytgan pulni vaqtida topib berolmagach, uni Sibir o‘rmonlarida kaltaklab, adashtirib, og‘ir ahvolda tashlab ketishgan ekan.
Turmush o‘rtog‘imning aytishicha, unga o‘rmonda kulba tiklab, butun umrini shu yerda yashab o‘tkazgan Vanya Savelichlar oilasi g‘amxo‘rlik qilgan ekan. 3-4 oy to‘shakdan turolmagan erimni oyoqqa turg‘azishgan, osh-ovqat berishgan. Ancha sog‘lig‘i tiklangach, ularning uy yumushlari va dala-tomorqasiga qarab yurgan. Afsuski, erimning tan olishicha, Vanya Savelichlar yaxshiligiga nonko‘rlik bilan javob qaytargan.
“Mehnatdan qochdimmi yoki shu o‘rmonlarda o‘lib ketaman, deb qo‘rqdimmi, Vanya Savelich bolalari bilan ovga chiqib ketganida, xotini oshxonadaligidan foydalanib, hech qachon eshigi qulflanmaydigan shkaf g‘aladonidagi bor pul va tillalarini o‘g‘irlab, uncha-muncha yegulik bilan qochib qoldim”, — degandi bir gal qilmishidan pushaymon bo‘lib.
O‘g‘rini qaroqchi urar...
Nozim ikki-uch kun o‘rmondan chiqib ketish yo‘llarini izlagan, topolmagan. Ro‘parasidan chiqqan bir qancha notanish kimsalardan katta yo‘lga chiqish yo‘lini so‘ragan. Ular ham yo‘l ko‘rsatishgan-u, ayni o‘rmondan chiqib, katta yo‘lga hozirlanayotganida bor-budini, tilla taqinchoq-u pullarini gap-so‘zsiz berishga majbur qilishgan.“O‘shanda bo‘ynimga pichoq niqtashdi. Noiloj, Vanya Savelich kulbasidan o‘g‘irlab qochgan hamma narsani chiqarib berdim. Faqat yurtimga qaytishga yo‘lkiraga nimadir qoldirishlarini yalinib-yolvorib so‘radim. Harqalay, ular mendan ko‘ra insofli ekan. Yo‘l haqi berishdi. Men esa Vanya Savelichning bor-budini, chaqasini ham qoldirmay o‘g‘irlab qochgandim”, — degandi erim.
Qaynotam o‘g‘lining hikoyasini eshitib, vijdonsizligidan, bunday notavon farzandlarni dunyoga keltirganidan og‘rindi.
Qaynotam vasiyati
Oradan vaqt o‘tib, bir kuni qaynotam meni yoniga chaqirdi. U qaynsingil-u yangalar qo‘lida ur-sur bo‘lib, qiynalib, bariga sabr bilan chidaganim va uni xuddi o‘z otamdek hurmatlab kelganimdan minnatdorligini bildirdi.“Bular qancha chiranishsa ham e’tibor berma, qizim. Baribir, uy-joy, mol-mulk mening nomimda. Ular shu haqda o‘ylashmayapti. Tezda shaharga yo‘lga tushamiz. Hammasini nomingga xatlab beraman. Ammo hech kimga og‘iz ochma. Hatto eringga ham bildirma. Yo‘qsa, og‘a-inilar orasida katta janjal bo‘ladi.
Faqat sendan bitta iltimosim bor, uni bajarishing kerak. Bolalaringga o‘zim ota-onang yordamida bosh-qosh bo‘laman. Sen Nozim qilgan xatoni tuzatib kelishing kerak. Bir musofirni oq yuvib, oq tarab, oxir-oqibat undan nomardlik ko‘rgan o‘sha Vanya Savelich oilasini izlab topasan. Qarzga to‘lov yetmasa, ishlab berasan. Qarg‘ish yomon bolam, otasining battolligi bolalaringga urmasin. Qarz-havola qilib bo‘lsayam, yo‘lkira-yu barcha xarajatlarni tayyorlab qo‘yganman. Pullarni qo‘shnimiz Botirvoy jo‘ramdan o‘zing chiqib olasan”, — dedi.
Dong qotdim. Sovuq terga botdim. Darvozadan narini ko‘rmagan bo‘lsam, oxiri yo‘q o‘rmonzorlarda o‘zimni tasavvur qilib, hushdan ketayozdim. Yo‘q, desam otasining gunohiga bolalarim qolib ketishidan qo‘rqdim, xo‘p desam, qaynotam ham yosh emas, hassada bo‘lsa, jo‘jabirday bolalarim nima bo‘ladi? Bu o‘y meni o‘tdan olib suvga, suvdan olib o‘tga tashladi. “Eringni ham sen bilan birga yuboraman. O‘zing bosh-qosh bo‘lasan! Bu mendan senga vasiyat!” —keskin gapirdi qaynotam.
...Shu kuniyoq, uy-joy, mol-mulkni qaynotam o‘z roziligi bilan mening nomimga xatladi. Barcha hujjatlarni ota-onamga topshirib qo‘yishimni so‘radi. Men ham lol, ham gung, hang-mang edim.
Olis yo‘lga otlanyapmiz. Kuzatishga qaynotam va mening yaqinlarim chiqishdi. Qaynotam o‘g‘lining yuziga ham qaramadi. Mendan esa mo‘ltirab turgan yoshli ko‘zlarini uzmadi. Kelinidan najot izlab, g‘amga to‘la bu mungli ko‘zlarni xuddi oxirgi marta ko‘rayotgandek yuragim orqaga tortib ketdi. O‘zimni ushlolmay, qaynotamga qarab otildim. “Bolalaringni olib chiqmadim. Ulardan xavotir olma, qizim!”, — deya bo‘g‘ziga bir nima tiqildi qaynotamning.
Olis manzilga avtobusda yo‘lga otlandik. Yo‘llarda, ayniqsa, Qozog‘iston chegarasida it azobini ko‘rganimizni aytishniyam, eslashniyam xohlamayman. Bizga to‘rt kunda yetib boramiz, deyilgandi, ammo, yo‘llarda to‘qqiz kun sarson-u abgor bo‘ldik...
O‘rmonda chiqqan yong‘in
Rossiya. Sibir. Alyaska o‘rmonlari qarshisidamiz. Dimog‘imga nam va balchiq havo shundoq gupullab urildi. 26 yil yashab, bunday izg‘irinni ko‘rmaganman. Hatto nomini ham bilmaydiganim allaqanday vahimali avtomashinadan tushdik. Yelkalarimizga ilingan og‘ir yuklar bilan o‘rmon sari ichkarilayapmiz.Erimning ortidan izma-iz qadam bosaman. O‘rmon tashqarisi sovuq bo‘lsa ham unga ichkarilagan sari dimiqqan havodan bo‘g‘ilaman. Ancha yurdik. Toliqdik. Biroz dam olish uchun yuklarni xas-xashaklar ustiga qo‘ydik. Yengilgina tamaddi qilgach, charchoqdan uxlab qolgan ekanmiz. Shovqin-suron, qiy-chuvlardan cho‘chib uyg‘ondik. Tabiiy ofat tufayli katta o‘rmonning bizdan ancha yiroqdagi bir qismida yong‘in chiqqan ekan. Shunda ham osmono‘par daraxtlar ustidan bulutdek o‘rlayotgan tutunning yoqimsiz hovuri yuzlarimizga, nafaslarimizga urilardi.
Odamlar, qushlar, olmaxon-u boshqa kichik o‘rmon jonivorlari o‘zini to‘rt tomonga urardi. Bunday vahimani ko‘rmaganman. Qo‘rquvdan dir-dir titrayman. Erim o‘rmondan chiqib qochamiz, deydi. Ammo qaysi tomonga qarab qochishni bilmaymiz. Chunki ancha ichkarilab qo‘yganmiz.
Yuklarni qayta yelkalariga ilayotgan erimni to‘xtatdim. Aslida biz uchun eng xavfsiz joy — o‘rnimizdan jilmaslik ekanini tushuntirdim. Xayolimda har qanday vaziyatdayam ortga chekinmay, qaynotamning vasiyatini bajarish fikri aylanardi.
Erimning jahli chiqdi. Bo‘g‘ildi. Urdi, tepdi. Lekin men ham o‘rnimdan jilmadim. Uzoq-uzoqlardan yanayam vahimali ovozlar eshitilardi. Erimning aytishicha, bu ovozlar o‘rmon yong‘inini o‘chirish uchun xizmatga jalb etilgan avtomashinalar-u vertolyotlar tovushi ekan. Bir necha kun shu manzilda diydirab qolib ketdik.
“Vanya Savelich oilasi shu yerlarga yaqinroq”, — degan gap dalda berardi. Oradan bir hafta o‘tgach, Vanya Savelichlar oilasi yashaydigan had-hududsiz o‘rmondagi kulbani izlab topdik. Afsuski, kulbaning yarmi yong‘inda talafot ko‘rgan, hech kim yo‘q edi.
Tog‘ora-yu laganlar, kuygan matraslar-u, daftar va kitob varaqlarning qoramtir bo‘laklari har yoqlarda sochilib yotardi. O‘ris tilini biladigan erim o‘tgan-qaytgandan kulba egalarini so‘rab-surishtirdi. “Ovchilik bilan kun ko‘rishardi. Biz ham ora-sirada kelib, ularning holidan xabarlashib turardik. Yong‘indan jabr ko‘rishdi. Kulbalari yondi”, — debdi o‘rmonchilardan biri.
Ular ikki kuncha avval bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan Aliskerovo posyolkasida yashovchi qarindoshlarinikiga ko‘chib ketishgan ekan.
Aliskerovo. Sibir o‘rmonlari tashqarisida joylashgan aholi yashash posyolkasi. Sovuq ich-etimni tirnaydi. Qishloqdagi sandal, o‘choqboshi olovi ko‘z oldimdan lopillab o‘tadi. Yig‘layman. Ko‘z yoshim xuddi muzga aylanib, egni-etimga yumalaydi. Og‘zimni ochsam, izg‘irin ich-etimni tilib o‘tgandek sapchiyman. Erimni so‘kib-so‘kib, yana ortidan izma-iz yuguraman...
Telpagining bir qulog‘i tushgan, o‘zi sap-sariq, ko‘zlari xiyol qisiq, qaddi pastroq kishining ko‘zi bizga tushdi-yu, qo‘ltig‘ida qistirib olgan tarashalarini yanayam mahkamroq ushlagancha ham hayrat, ham nafrat bilan dong qotib qoldi.
“Shu Vanya Savelich bo‘ladi!” Erimning gapini eshitishim bilan sovuqni unutdim. Yoshi keksa o‘ris odamga qarab yugurdim. “Assalomu alaykum!” deb qo‘lidagi tarashalarni ko‘tarishga yordamlashishga tayyorligimni ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Ammo u ortga tislandi. “Tы кто, уходи отсюда! Забери его тоже, вон отсюда!”, dedi.
Uning tilini tushunmasam. Ilinj bilan qarshisida turaverdim. Bir payt kichikkina hovlidagi eshik “g‘arch-g‘urch” ochilib, u yerdan 4-5 kishi chiqdi. Erim ularga yaqinlashib, nimalarnidir tushuntirgan bo‘ldi, bilmadim. Ammo birozdan keyin ular bizni istar-istamas ichkariga kirishga ruxsat berishdi. Issiq choy tutishdi. Buxanka, qand-qurs tortishdi. Biz ham patir, novvot-u mayiz, sho‘rdanaklarni oldik. Biroz isinib, tanimizga iliqlik yugurgach, qaynotam Vanya Savelich uchun berib yuborgan, yuklarimiz orasida erimdan yashirib qo‘yganim va o‘zim qanchaligini bilmagan dollarlarni uning qo‘liga tutqazdim.
Dasturxon atrofida birdaniga jimlik cho‘kdi. Faqatgina erimning chiranib: “San ahmoq, nima qilyapsan, shuncha pulni qayerdan olding? Bu pulga bilasanmi, qanday yashash mumkin?” — deya o‘dag‘aylaganiga e’tibor ham bermadim. Uning gaplari ichi-etim zirqiratsa-da, xursand ohangda kulib: “Otangiz berdilar va buni sizga bildirmasligimni, gunohingiz bolalarga urmasligini aytib, bosh-oyoq qarzga botib, berib yubordilar”, dedim.
Erim jim bo‘ldi. Atrofdagilar bizni tushunmasdi. Vanya Savelich pulni olib, yotog‘iga kirib ketdi. Men esa qaynonamning vasiyatini bajarganimdan xursand edim.
“Bir hovlida olti erkak bilan yashadim. Ulardan biri erim...”
Bir kecha ularning xonadonida tunadik. Ertalab Vanya Savelich erimga ishonishmasligini, shu bois, bu yerdan jo‘nashimizni aytibdi. Uning bunday qarorga kelishga haqi bor. E’tiroz bildirmadik. Ammo qayoqqa ketishni na erim va na men bilaman.Yuklarimizni yana yelkalab ko‘chaga chiqdik. Vanya Savelichning bu galgi mardligi ham lol qoldirdi. U ayol bo‘lganim uchun rahmi kelib, bizga boshpana topib berishda ko‘maklashishini bildirdi. U har-har zamonda boshini sarak-sarak qilib, erimga qarab: “Eh, kozyol, kozyol!”, deb qo‘yardi.
Churq etmay, uning ortidan ergashdik. Bizni Aliskerovo posyolkasi chekkasidagi xonadonlardan biriga yetaklab bordi. Bu yerda tojik, o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub besh yosh muhojir yigit yashar ekan. Ayollar yo‘q.
Vanya Savelich ular bilan gaplashdi. Muhojirlar hovlining bir burchagidagi uyni bizga ajratib berishdi. Ertasiga erim ish izlab, ko‘chaga chiqdi. Uch-to‘rt kun o‘tdi hamki, ishdan darak yo‘q. Bir kuni hovlidoshlar erimga uyimizga uncha yaqin bo‘lmagan manzil – o‘zlari ishlaydigan sement ishlab chiqarish zavodidan navbatchilik asosida ish topishganini aytishdi. Mening esa uyda ovqat va non pishirib turishim uchun pul to‘lashlari haqida ham erim bilan maslahatlashishdi.
Mehnatdan qochmayman, ammo og‘ir va noqulay kunlar boshlangandi. Bir hovlida olti erkak bilan yashadim, ulardan biri erim. Erim kun-tun ishda. Ustiga-ustak, har ikki kunning birida navbatchilikda bo‘ladi. Bunday paytlarda ikki-uch erkaklar bilan bir hovlida qolib ketardim. Qo‘rqqanimdan eshikni ichkaridan tambalab olardim.
Kunlar, oylar bir zaylda o‘taverdi. Rus tilida gaplashishniyam ancha o‘rganib oldim. Ora-sira hovlida palov pishirganimda, Vanya Savelich oilasiga ham ilinadigan Ular ham menga yovqarash qilmay, iliq kutib oladigan bo‘lishdi. Hovlidoshlar bilan ham aka-uka, opa-uka tutinib ketdik. Ulardan hadiksiraganimni eslab, o‘zim xijolat chekkan paytlarim ham bo‘ldi. Ishlab topganlarimizni qaynotam nomiga jo‘nataverdik. Xullas, hayotimiz bir maromda kechaverdi.
“Erim meni qorga ko‘mib ketdi. Ikki kun qor ostida qolib ketganman”
1999-yilning o‘rtalariga kelib, erim zavoddan bo‘shatildi. Yashirin ravishda sement o‘g‘irlab sotishda ayblanibdi. Boshim hushimdan oshdi. Erim qamalsa, nima qilaman, degan qo‘rquv bosgandi meni. Harqalay, hovlidoshlar aralashib, bu baloning oldini olishibdi. Endi erim ishsiz, menga pishir-kuydirga qarashardi.Shunday kunlarning birida tushlik chog‘i hovlidoshimiz, namanganlik Husanjon yolg‘iz kelib qoldi. Ularni zavoddan Alyaska o‘rmonining narigi tarafida joylashgan Baranixa posyolkasiga xizmatga yuborishayotgani, ayrim kiyim-kechaklarni olib, ikki kundan keyin kelishlarini aytib, chiqib ketdi.
Erim bilan hovlida yolg‘iz qoldik. Yarim tunda tasir-tusur tovushdan uyg‘onib ketdim. Nozim yonimda yo‘q. Hovliga otildim. Qor tizzabo‘yi. Yana gupullab yog‘yapti. Sovuq. Shamol. Muhojirlar xonasida fonarning bir yonib, bir o‘chayotganiga ko‘zim tushdi. O‘g‘ri kirgan, deb cho‘chib tushdim. Hayajonda erimni baqirib-baqirib chaqirdim.
Kutilmaganda erim qo‘lida fonar bilan muhojirlar xonasidan “Ovozingni o‘chir!”, deb o‘dag‘aylab chiqdi. “Yana nimalarni boshlayapsiz! O‘g‘rilik qilyapsizmi?”, deya aqlim shoshdi. “Shuncha qilganlaringiz kammidi?”, dedim izillab. Erim vajohat bilan yonimga keldi-da: “Men bilan ishing bo‘lmasin!”, deya mushtlay ketdi.
Qarshilik ko‘rsatishga, qo‘ni-qo‘shnini baqirib chaqirishga urindim. U bir qo‘li bilan og‘iz-burnimni bosib olgan, bir qo‘li bilan qo‘llarimni qayirardi. Sovuqda, yengil ust-boshda dir-dir titrayman. Oyoqyalang ahvolda qo‘lidan chiqib, hovlining orqa tomorqasiga qarab qochdim. U bo‘lsa: “To‘xta, seni o‘ldiraman”lab, ortimdan quvdi.
O‘z erimdan qochyapman, baqiraman, hech kim eshitmaydi. Nozim meni shartta ushlab oldi. Hamma joyim qor, loy, muzlab ketyapman. Uryapti, tepyapti. Holsiz yiqildim. Shunda ham sezyapman, o‘z erim meni qorga ko‘myapti... Ikki kun qor ostida qolib ketganman...
Oradan ikki kun o‘tgachgina meni ko‘kargan, yaxlagan holda hovli tomorqasidan loychil qorga ko‘milgan ahvolda topishgan. “Tez yordam” chaqirishgan. Bosh miyaning og‘ir shikastlanishi hamda kuchli o‘pka shamollashi tashxisi qo‘yildi. Shunday ahvolda ham hovlidoshlarimga erimni qidiruvga bermasliklarini iltimos qildim, uni Xudoga topshirganimni aytdim.
Begona bo‘lsa-da, uch millatga mansub besh hovlidoshim salomatligim uchun qayg‘urishdi. Oyoqqa turar-turmas meni kasalxonadan yana o‘zlari bilan hovliga olib kelishdi.
Ularning aytishicha, erim o‘sha oqshom yigitlarga tegishli kiyim-bosh va yiqqan-siqqanlarini o‘g‘irlab qochishga uringan. Biroq shoshganda, kiyim-kechaklar orasidan ancha-muncha pullar tushib qolganini sezmagan. U shu ketishda qaytib qorasini ham ko‘rsatmadi. Men esa notavon er va nobakor farzand haqida eshitishniyam istamasdim. Meni faqat erimning bu ziyonlarini qanday qoplash qayg‘uga solardi.
Baranixada kechgan kunlarim
Tinimsiz yo‘tal va bosh og‘rig‘idan qiynala boshladim. Vanya Savelich ham voqeadan xabar topib, ko‘p qayg‘urdi. Hayvon hech qachon odam bo‘lmasligini qayta-qayta takrorladi. U va xotini hovlidoshlarimga tushuntirib, meni Baranixa posyolkasida yashovchi tabib qarindoshlarining uyiga olib kelishdi.Bu yerda Vanya Savelichning qarindoshi Marianna xola menga shu qadar mehr ko‘rsatdiki, hatto, ko‘nglimdan yetti yot begona bo‘lsa, o‘zim kimgadir shunday mehr ko‘rsata olardimmi, degan o‘y kechdi. Marianna xola meni yuvib-taradi, osh-ovqat tutdi, oyoqqa turg‘azdi. Men esa Vanya Savelich va uning yaqinlariga bo‘lib o‘tgan voqea haqida ota-onam eshitmasligini yalinib-yolvordim, qaynotam buni ko‘tara olmasligini tushuntirdim.
Baranixada uch oydan ko‘proq vaqt qolib ketdim. Yaqinlarim bilan pochta bo‘limlariga borib, qo‘ng‘iroqlashgan paytlarimda ishimiz uncha yurishmayotgani, bir muddat pul jo‘nata olmasligimizni tushuntirgan bo‘lardim. Nozimni so‘rashganda, qandaydir bahonalar bilan vaziyatdan chiqishga uringan paytlarim ko‘p bo‘lgan.
Kunlarning birida qadrdon hovlidoshlarim Baranixaga, Marianna xolanikiga kelishdi. Aliskerovodan ko‘chib ketishayotgani, Valkumey aholi punktidagi yirik gul yetishtirish jamiyatida ish boshlashayotganini bildirishdi. Agar rozi bo‘lsam, meni o‘zlariga oshpaz qilib olib ketishlarini so‘rashdi. Sog‘ligim ko‘tara olmasligi mumkinligini tushuntirishimga qaramay, “Bizning yonimizga sizdek halol, pokiza opa kerak”, deyishganda yig‘lab yubordim. Ularning taklifini rad etmadim. Vanya Savelich va Marianna xolalar bilan xayrlashib, rozi-rizolashdik.
Namanganlik Husanjon, bir-biriga qarindosh bo‘lgan termizlik Malik, Botir va Ibodulla, tojikistonlik Ne’mat hamda Olmon qirg‘izlar bilan Valkumeyga keldik. Bu yerdagi gul yetishtirish jamiyatini toshkentlik tadbirkor yigit boshqarar ekan. Goh-gohida borib, ko‘nglim ochilib qaytardim. Ukamdek qadrdon bo‘lib ketgan hovlidoshlarim har kuni hech bo‘lmaganda bitta gul bilan ijara uyga kirib kelishardi.
2000-yilni — yangi asrni ana shunday gullar bilan qarshiladim. Shunday kunlarda erimning qorga ko‘mib ketgan kunlarini esdan chiqarishga urinsam-da, xastalik yemirib borayotganini ich-ichimdan sezib turardim.
Valkumey shifoxonasi. Menga sil tashxisini qo‘yishdi
Surunkasiga yo‘tal yana qiynay boshladi. Valkumey shifoxonasiga bordim. Menda yuqumli o‘pka kasalligi, aniqrog‘i, sil boshlanayotganini bildirishdi. Ijara hovliga hafsalasiz qaytdim. Hovlidoshlarim ishdan qaytgach, zudlik bilan O‘zbekistonga qaytishim shartligini, hech bo‘lmasa, bolalarim diydoriga to‘yib qolishim kerakligini bildirdim. Ular menga taskin berishdi, davolanishimga ko‘maklashishlarini aytishdi. Lekin bu gal meni hech kim to‘xtata olmasdi. Bir tomondan meni shu ko‘yga solib ketgan erimning hali qayerda va qanday ahvoldaligi noma’lum. Uyga usiz nima deb kirib borishniyam bilmasdim.Kasalligimning xuruj qilayotgani va tashxisning salbiyligi uchunmi men uchun hayot shamchirog‘i go‘yo o‘chgandek tuyuldi. Yuqumli kasallik atrofimdagilarning hammasiga ziyon yetkazishi mumkin. 2000-yilning mart oyida hovlidoshlarim ko‘magi bilan O‘zbekistonga poyezdda qaytdim.
2000-yildan beri tibbiy niqobdaman
Buxoro. Uch yil nari-berisida yurt sog‘inchidan ado bo‘lganman. Meni farzandlarim va yaqinlarim bilan qanday ko‘rishish va ular bilan bag‘irlashish azobi qiynardi. Vaholanki, ular mening og‘ir xastalikka duchor bo‘lganimdan xabarsiz. Ozib-to‘zib ketganman. Og‘zi-burnim tibbiy niqob bilan berkitilgan (u paytlarda tibbiy niqob taqib yurgan odamlar tashqaridan g‘alati ko‘rinardi). Oradan 20 yil o‘tib, koronavirus degani butun dunyo ahli yuziga tibbiy niqob taqqan bo‘lsa, uning kundalik hayotimga kirib kelganiga 22 yil bo‘lgan.Rossiyadan qaytgach, to‘g‘ri otam hovlisiga kirib keldim. To‘rtga kirayotgan egizlarim onasini qayerdanam tanishardi. Olis manzilga otlanganimda o‘g‘lim endigina ikkiga kirgandi. Oradan yana uch yil o‘tib, bo‘ylari cho‘zilgan o‘g‘iljonimni quchib-quchib yig‘ladim. U esa yig‘loqi, niqobli xotindan cho‘chib, orqaga tislandi.
Ota-onam, yaqinlarim to‘plandik. Hayal o‘tmay, qaynotam keldi. Rossiya o‘rmonlarida qolib ketgan umrimning uch yili haqida oqizmay-tomizmay so‘zlab berdim. Hammadan og‘iri qaynotamga bo‘ldi. “Nevaralarim otasining gunohiga qolmasin, deb kelinimni sog‘lig‘idan ayiribman-da!”, deya yelkalari silkinib, ezilib yig‘ladi. Bukchayib qolgan otani ovutishimiz ancha qiyin kechdi.
“Yuziga niqob taqqan xotindan qochinglar — u sil”
Rossiyadan qaytgach, hali kelinlik hovlimga borishga ulgurmay, xastaligimni eshitgan ovsinlarim u yerga qadam bosmasligimni aytishibdi. Shunday bo‘ldi ham. Otamning hovlisidan meni viloyat sil kasalliklari dispanseriga olib ketishdi. Bu yerda olti oy yotib davolandim.
Shifokorlarning, qarindoshlarimning e’tibori ko‘nglimni ko‘tardi. Lekin Biroq na ovsinlarim va na haligacha turmushga chiqmagan ikki qaynsinglim holimdan xabar olishdi. Ulardan xafa emasdim. Chunki silning yuqumliligi, atrofdagilardan yakkalanish shartligini shifokorlar qayta-qayta uqtirishgandi.
Bilsangiz, xastalik, ayniqsa, bemorni yakkalanishga majburlaydigan kasallik odamni ruhan cho‘ktirib yuborarkan. Yashirmayman, farzandlarimni juda erta tashlab ketishdan, ya’ni o‘limdan qo‘rqqan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Holimdan xabar olgani kelganlar bilan to‘r parda yoki deraza oynasidan gaplashish juda og‘ir. Yaqinlaringni ko‘rib turib, bag‘ringga bosolmaysan, nafasini his qilolmaysan. Faqatgina menga shifokorlarning: “Yashab ketasiz, kuchli bo‘ling!”, degan gaplari dalda bo‘lgan.
Olti oy kasalxonada davolangach, qaynotam meni kelin hovlimga olib ketdi. Kasallikdan ancha qutulgan, yuzimga qizillik yugurib, to‘lishib, kuchga kirganman. Shunda ham bu oiladagilar o‘zlariga yaqinlashtirishmadi. Kamsitishdi, xo‘rlashdi, qaynotam uyda yo‘g‘ida yaqinimga yo‘lashmasa-da, tosh, kesak, yog‘och tayoqlarni menga qarata otib, ko‘p azoblar berishdi. “Yuziga niqob taqqan xotindan qochinglar. U sil” deya ko‘cha-ko‘ydagi hamsoyalarniyam mendan uzoqlashtirishdi. Bolalarimniyam “senlarga onangdan kasallik yuqqan” deya jerkishdi, siltashdi. Bariga chidadim.
Qaynotam ancha munkillab qolgandi. To‘shakdan turolmay qoldi. Shunday kunlarning birida u hovli-joyni bundan uch yil avval mening nomimga xatlab berganini oshkor qildi. Avvaliga urush-janjal, to‘polon boshlandi. Keyin qaynotamning: “Bir kelinim uch o‘g‘ilning o‘rnini bosdi. U va nevaralarim bilan yaxshi bo‘lsalaring, alohida imorat qilib chiqquninglarcha shu hovli-joyda yashaysizlar. Uy-joy uning nomida. Buyog‘i ixtiyorlaring”, dedi-yu, boshqa indamadi.
Oradan bir oycha o‘tib, qaynotam omonatini topshirdi. O‘g‘li – Nozimning olis Sibir tomonlarda qilgan nobakorliklarini eshitgach, u haqda o‘limigacha hech nima so‘ramadi.
Bir oyog‘i poyezd tagida qolgan erim qo‘ltiqtayoqda qaytdi
Oradan 7-8 yil o‘tdi. Kunlar bir maromda o‘taverdi. Tomorqamdan topgan-tutganlarimni har olti oyda davolanishdan boshqasiga orttirolmasdim.Qaynaka va qaynilarimga insof berib qolgan, men va jiyanlariga bosh-qosh bo‘la boshlashgandi. Biri yangi imorat qilib chiqdi. Noiloj qolgan ovsinlarim ham menga qarashib turadigan bo‘lishdi. Bir qaynsinglimni turmushga uzatdik. Ikkinchisi esa endi meni o‘ziga sirdosh tuta boshladi.
Ana shunday kunlarning birida turmush o‘rtog‘im kirib keldi. Ikki qo‘lida qo‘ltiqtayoq. Keksaygan. Ichkilikka ruju qo‘ygani shundoq ma’lum. Aytishicha, u meni hovli tomorqasida qorga ko‘mib, o‘g‘rilik qilib qochayotgan o‘sha oqshomda bir oyog‘i yuk poyezdi tagida qolib ketgan ekan.
It azobidagi kunlarni boshdan o‘tkazibdi. Shu ahvoldayam yana kimlarnidir chuv tushirgan va o‘g‘irlagan pullarini jamlab, O‘zbekistonga avtobusda qaytgan. Bir necha yil Toshkentdagi axlatxonalarda ichkilikka berilib, “bomj”lar bilan kun kechirgan ekan.
To‘g‘risi, erimning oilada borligi ham, yo‘qligi ham hech birimizga qiziq emasdi. Chunki bolalarimga mening otasi tufayli yot o‘lkalarda azoblar chekib, bir umr yuqumli kasallik bilan kurashib kelayotganim, turmushning mushtlari, zarbalariga sabr bilan javob berganim, juda erta qariganim ayon edi. Lekin farzandlarim otasini hech qachon kamsitishmagan va jerkib-siltashmagan.
Ikki-uch yil oldin erim ham vafot etdi. Ko‘zimga uning uchun bir qatra ham yosh kelmadi. Ammo yig‘ladim, qaynotamni yodlab yig‘ladim. O‘z pushtikamaridan bo‘lgan farzandi yetkazgan jabrlari uchun hatto ko‘zyosh to‘kish tugul, u haqda bir og‘iz so‘ramagan otaning toshday sabri uchun dodlab yig‘ladim...
Bugun 52 yoshdaman. Umr suvdek oqib o‘tdi. Har gal ko‘zguga termilganda, unda 70 yoshli qariyani ko‘raman. Meni dard, xastalik qaritdi. Ammo qalbim bolalarim bilan yosh. Menga huv, uzoq yillar ilgari yot o‘lkalarda har kuni gul tutqazadigan hovlidosh ukalarim, Vanya Savelich-u Marianna xolalar bilan bog‘liq xotiralar dalda bo‘ladi.
Darvoqe, ikki-uch yil ilgari hovlidoshlarim meni yo‘qlab kelishdi. Ular ham mening singari o‘g‘il uylantirib, qiz chiqarishgan ekan. Bir etak nevaralarimiz bilan yetaklashib yuribmiz. Namanganlik va termizlik hovlidosh ukalarim bilan tojikistonlik Ne’matjon-u Olmon qirg‘izni bir borib yo‘qlashni niyat qilganmiz.
Xastalikka kelsak, u butunlay tanimni tark etmadi, ammo, shifokorlarning aytishicha, yuqumliligini yo‘qotganiga ancha bo‘lgan ekan...
Izoh (0)