Rossiyaning Novgorod viloyatida 16-mart kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning bir nafar fuqarosi halok bo‘ldi, yana biri jarohatlandi. Bu haqda 78.ru xabar berdi.

Hodisa M-10 “Rossiya” avtomobil yo‘lining 400-kilometrida yuz bergan. Moskva tomondan kelayotgan 33 yoshli haydovchi (O‘zbekiston fuqarosi) boshqaruvidagi Chevrolet Lacetti xavfsiz masofani saqlamaganligi sababli oldinda ketayotgan 24 yoshli yigit haydayotgan Volkswagen bilan to‘qnashgan.
Zarba oqibatida Chevrolet qarama-qarshi yo‘nalishga otilib chiqib, u yerda 63 yoshli haydovchi boshqarayotgan DAF rusumli yuk mashinasiga urilgan. Hodisa tufayli Chevrolet haydovchisi tez tibbiy yordam yetib kelgunga qadar voqea joyida halok bo‘lgan, uning 33 yoshli yo‘lovchisi esa turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Hozirda politsiya xodimlari hodisaning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqda. Voqea joyida Davlat avtoinspeksiyasi xodimlari va qutqaruv xizmatlari faoliyat olib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan va jabrlangan shaxslar O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Rossiyada avtohalokatga uchragan o‘zbekistonliklar
Fevral oyida Perm o‘lkasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. Hodisa O‘zbekiston davlat raqamiga ega Lada Largus avtomobili va “Simaz” avtobusi ishtirokida sodir bo‘lgan.
2024-yil yanvarida Rossiyaning Penza viloyatida yo‘l-transport hodisasi oqibatida sakkiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. JAC rusumli mikroavtobus qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketishi oqibatida Volvo yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Qurbonlarning jasadi Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Urganch shahriga olib kelingan.
2024-yilning sentyabrida Rossiyaning Nijegorod viloyatida sodir bo‘lgan YTHda yetti nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. O‘sha oyda Tyumen—Xanti-Mansiysk avtomobil yo‘lida Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan 55 yoshli O‘zbekiston fuqarosi YTHga uchrab, vafot etgandi. Tataristonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida o‘zbekistonlik yigit og‘ir tan jarohati olgandi.
2024-yil noyabrida yana Penza viloyatida sodir bo‘lgan avtohalokatda ikki nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. YTH yuk mashinasi va Cobalt avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan.
2024-yil dekabrida Rossiyaning Ulyanovsk viloyatidagi avtohalokatda 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. O‘zbekistonliklar bo‘lgan Cobalt boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan va “MAZ” yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
Izoh (0)