Rossiyada fuqarolarning internetdagi faoliyatini tahlil qiladigan va ular haqida elektron ma’lumotlar to‘plamini shakllantiruvchi raqamli platformani joriy etish rejalashtirilmoqda. Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi bu borada davlat xaridlari portaliga tegishli tender e’lonini joylashtirdi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

Tizim kuniga 360 million qo‘ng‘iroq, 77 million ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi va 10 million onlayn tranzaksiyani qayta ishlaydi. Agar algoritmlar suhbat yoki xabarni shubhali deb topsa, ular darhol bloklanadi. Ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi, banklar va internet-provayderlardan olinadi.
Kuzatuv uchun sun’iy intellekt ishlatiladi, u barcha kommunikatsiya darajalariga, ya’ni mobil operatorlardan tortib maxsus ilovagacha integratsiya qilinadi. Tizim foydalanuvchi faoliyatini tahlil qilish, qurilmalarda ishga tushirilgan dasturlarni nazorat qilish, shu jumladan, messenjerlar va bank ilovalarini, shuningdek, “zararli yoki josuslik” dasturiy ta’minotini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, tizim fuqarolarning joylashuvini aniqlab, mobil aloqa operatorlari, banklar, Ichki ishlar vazirligi, Tergov qo‘mitasi, Bosh prokuratura va “Rosfinmonitoring” bilan ma’lumotlar almashadi.
Aloqa operatorlari foydalanuvchilarning SIM-kartalari yoki IMEI-kodlarini almashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, Davlat xizmatlari portali esa parollarni o‘zgartirish, aloqa ma’lumotlari va tizimga kirishga urinishlar haqidagi ma’lumotlarni uzatishi shart bo‘ladi.
Rossiya Markaziy bankining baholashicha, 2024-yilda har uchinchi rossiyalik firibgarlarga duch kelgan, tarmoqqa tarqalgan yozuvlar soni esa 700 milliondan oshgan. Yuqoridagi choralar aynan firibgarlikni oldini olishga qaratilgani aytilmoqda.
Izoh (0)