Sog‘liqni saqlash vazirligi “Respublika tug‘uruq majmualari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish hamda ‘Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi’ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining tug‘uruq majmualari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish, ularni ishonchli boshqaruvga berish, sohada tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyot xodimlarining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha bilimini oshirish, homilador, bo‘lajak onalarga ko‘rsatiladigan xizmatni zamonaviy moliyaviy usullarni tatbiq etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.
Xususan, Respublika Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallari, tumanlararo perinatal markazlari, tug‘uruq muassasalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlar punktlaridan iborat yagona vertikal tizimni integratsiyasi amalga oshiriladi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yaxlitligini va uzluksizligini taʼminlash uchun respublikadagi barcha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari va oilaviy poliklinikalarining akusher ginekolog lavozimlari tegishli tuman(shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibidagi tug‘uruq majmualari boshqaruviga o‘tkaziladi.
Bunda, akusher ginekolog lavozimlari tug‘uruq majmualari tarkibiy tuzilma rahbarlariga bo‘ysunadi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvardan tug‘uruqni amalga oshirish xizmatlariga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish choralarini ko‘radi.
Bunda, tug‘uruqni amalga oshirish xizmatlari ro‘yxati va mazkur xizmatlar qiymatini aniqlash metodologiyasi hamda homilador tomonidan tug‘uruqni amalga oshirish uchun o‘z xohishiga ko‘ra davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini erkin tanlash imkoniyatini belgilash mexanizmi ishlab chiqiladi.
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-oktyabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Aholi reproduktiv salomatligi markazi hamda Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilgan edi.
Izoh (0)