Prezident qaroriga muvofiq, Qarshida 200 o‘rinli yangi tug‘uruq kompleksi barpo etiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Hujjatda hududda profilaktik ko‘riklar va skrining dasturlar ko‘lamini kengaytirish, viloyat darajasida 40 turdagi va tuman darajasida 20 turdagi yangi davolash va diagnostika usullarini amaliyotga joriy qilish, aholi va tibbiyot tashkilotlarini sifatli va xavfsiz dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Qarordan kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi sifatini oshirish, tibbiyot tizimini raqamlashtirish kabi muhim topshiriqlar o‘rin olgan. Bundan tashqari, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab barcha tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 5 yil ishlab berish sharti bilan alohida davlat buyurtmasi joriy etiladi.
Qashqadaryo viloyatida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalari har bir aniqlangan holat uchun 2 mln so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi. Qolaversa, qarorda:
- Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYIM) viloyat filialining o‘rin-joylar sonini 220 tadan 300 tagacha oshirish;
- Qarshi temiryo‘l shifoxonasini RSHTYIMning viloyat filialiga o‘tkazish;
- Qarshi tug‘uruq kompleksi o‘rnida 200 o‘rin-joyli yangi tug‘uruq kompleksini barpo etish;
- 50 o‘ringa mo‘ljallangan hududlararo xospis tashkil etish;
- Qarshi shahrida yangi tibbiyot markazi va Beshkent shahrida yangi shifoxona qurish;
- Qarshi shahri va Kitob tumanlarida ixtisoslashtirilgan reabilitatsiya markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)