“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Rossiyaning Ukrainaga tajovuzkor bosqinchiligi o‘zini oqlashi ham mumkinligini aytdi.

“Rossiyaning Ukrainaga tajovuzkor bosqinchiligi Yevrosiyoni AQSHdan uzib olish va qit’ani zo‘ravonliklardan holi, tenglikka tayangan kollektiv kelishuvlar asosida birgalikda taraqqiyot yo‘liga olib kelsa, o‘zini oqlashi ham mumkin”, deydi deputat.
Alisher Qodirov bordiyu neo-imperializm, AQSHni Ukrainaga taklif qilganidek: “ruxsat berilgan darajada erkinlik va yerosti boyliklari hisobiga tinchlik” munosabatlariga olib kelsa, insoniyatni juda quyuq qora kunlar kutib turganini ta’kidladi.
Deputat amerikalik siyosatshunos, sotsiolog, AQSH prezidenti Jimmi Karterning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib faoliyat yuritgan Zbignev Bzijinskiyning “Buyuk shaxmat doskasi” kitobidan parchani ham keltirib o‘tdi.
“AQSH hech qachon Yevrosiyo qit’asida hal qiluvchi so‘z sohibi bo‘lmagan, ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan bu imkoniyat aql bilan foydalanilsa AQSHni dunyoning taraqqiyot lokomotiviga aylantiradi”, deyilgan Amerikadagi strateglarning geosiyosiy qarashlarini yaxshi ifodalagan kitobdan olingan parchada.
Deputat AQSH prezidenti Trampning Yevropa ittifoqi tovarlariga boj joriy qilish va’dasini sharhlagan Fransiya prezidenti Makron, Yevropa “baxtli vassallik” holatidan chiqib ketish kerakligini ta’kidlaganini ham eslatib o‘tdi.
“AQSHga bizni javobimiz bunga bizni qarshi ekanligimizni bildirib qo‘yishi kerak. Biz tavakkal qilish, ishtiyoq va kuch ta’mini qaytarishimiz zarur”, degan Emmanuel Makron.
Ukrainadagi urush: strategik istiqbollar
28-fevral kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashgandi. Ukraina rahbari Kiyev o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor emasligi va Vashingtondan xavfsizlik kafolatiga muhtoj ekanini aytganidan keyin vaziyat taranglashgan va uchrashuv asabiy ohangda yakunlandi.
Associated Press’ning yozishicha, Tramp Zelenskiyni Ukrainaning qimmatbaho minerallariga egalik qilish huquqini beruvchi kelishuvga majburlamoqchi. Shuningdek, uni Amerika rahbarining shartlariga ko‘ra urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga undamoqchi.
Prezident Donald Tramp mojaroni hal qilishning yakuniy shartlari bo‘yicha uzoqroq muzokaralar olib borish uchun tezroq o‘t ochishni to‘xtatishga erishmoqchi. Biroq tahlilchilar bu reja muvaffaqiyatsizlikka uchrashini aytmoqda.
Shu sharoitda Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlari Ukraina bilan hamkorlikda o‘z tinchlik rejasini ishlab chiqishni boshlagan. Mazkur qo‘shma reja keyinchalik AQSH prezidentiga taqdim etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)