Ijtimoiy tarmoqlarda yangi Damas ko‘rinishi qanday bo‘lishi bilan bog‘liq xabarlar tarqalgan edi. “O‘zavtosanoat” “Daryo” so‘roviga ko‘ra bu masalada izoh berdi.

“Yangi model maqsadli iste’molchilarning istak va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tanlanadi. Ayni paytda texnik xususiyatlarning mahalliy foydalanish sharoitlariga mosligi, ishonchliligi va qulayligi bo‘yicha potensial avtomobil modellari o‘rganilmoqda”, deyiladi kompaniya izohida.
Qayd etilishicha, yuqoridagi mezonlarga javob beradigan model aniqlanib, tasdiqlangach, ushbu model O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar rasmiy axborot manbalarida e’lon qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida hozirda Damas va Labo ishlab chiqarilayotgan zavodda yangi rusumdagi avtomobil ishlab chiqarilishini aytgandi.
“Bozorda katta talabga ega arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi”, degan edi davlat rahbari.
Avtomobil Yevro-5 ekologik standartiga javob beradi, 7 o‘rindiqqa ega bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet N400 suratlari tarqalib, O‘zbekistonda yangi ishlab chiqariladigan Damas shunday ko‘rinishda bo‘lishi aytilgandi. Chevrolet N400 Ekvadorda ommalashgan yo‘lovchi tashish modeli bo‘lib, u 640 kg yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega va 7 tagacha yo‘lovchini tashishi mumkin.
O‘zbekistonda Damas 1996-yilning mart oyidan Andijon viloyati Asaka tumanidagi avtomobil zavodida ishlab chiqarila boshlagan. 2006-yildan korxona uning yangilangan versiyasini ishlab chiqardi, 2014-yildan esa ishlab chiqarish Xorazm viloyatiga ko‘chirildi. O‘zbekistonda 2024-yilda 101,9 ming donadan ortiq Damas ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2023-yilga (89,1 ming) nisbatan 14,3 foizga ko‘pdir.
Izoh (0)