HAMAS guruhi G‘azoga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSH taklifiga rozi bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera manbalari xabar berdi. Biroq amerikalik rasmiylar mazkur ma’lumotni rad etmoqda. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

AQSH tomoni muhokama qilinayotgan kelishuvni “qabul qilib bo‘lmaydigan” va “hafsalani pir qiladigan” deb atadi. Isroil rasmiylari ham taklif AQSHdan chiqqanini rad etdi va hukumat buni qabul qilmasligini bildirdi.
Qarama-qarshi ma’lumotlar G‘azoda ocharchilikni boshdan kechirayotgan aholi hujumga uchrayotgani, sektorga gumanitar yordam kirishi bloklangani fonida e’lon qilindi. Birgina 26-may kuni Isroil hujumlari oqibatida kamida 81 kishi, jumladan, ko‘plab bolalar halok bo‘ldi.
Manbalarga ko‘ra, otashkesim bo‘yicha kelishuv loyihasiga HAMAS va AQSHning Yaqin Sharqdagi elchisi Stiv Vitkoff rozi bo‘lgan. Ular Dohada uchrashuv o‘tkazgan. Loyiha 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoda saqlanayotgan 10 nafar tirik asirni ikki bosqichda ozod qilishni nazarda tutgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp kelishuv shartlari va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan olib chiqilishini kafolatlashi kerak edi. Kelishuv har qanday shartlarsiz insonparvarlik yordamini kiritishga imkon berishini ko‘zda tutgan.
Biroq Vitkoff uning taklifini HAMAS qabul qilgani haqidagi xabarlarni rad etib, buni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini” aytgan.
Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa G‘azoda qolgan 58 nafar isroillik asirni qaytarishga va’da bergan. Ulardan 20 ga yaqini tirik ekani taxmin qilinmoqda.
“Bugun bo‘lmasa, ertaga, ertaga bo‘lmasa, indinga bunga erishamiz. Biz taslim bo‘lmaymiz. Ularning barchasini, tiriklarini ham, o‘liklarini ham qaytarib olib kelish niyatidamiz”, dedi Netanyaxu.
O‘z navbatida, HAMAS doimiy o‘t ochishni to‘xtatish evaziga qolgan asirlarni birdaniga ozod qilishga tayyorligini aytgan.
U 53 milliard dollarlik reja doirasida G‘azo ustidan nazoratni vaqtinchalik hukumatga topshirishga tayyorligini bildirgan. Biroq guruh falastinliklarning ko‘chirilishiga qarshi chiqib, qurolni topshirish va rahbarlarini G‘azodan chiqarishni rad etgan.
Isroil urushni qayta boshlaganidan beri falastinliklar o‘z uylarida, maktablarda, chodirlarda, shuningdek, xavfsiz gumanitar zonalar deb ataladigan joylarda hujumga uchrab kelmoqda.
Isroilning qayta hujumi natijasida G‘azoda kamida 3 822 falastinlik halok bo‘lgan. Hozirda tasdiqlangan umumiy qurbonlar soni 53 977 nafarga yetganini aytilmoqda. 122 966 ga yaqin kishi yaralangan.
Izoh (0)