O‘zbekistonning vakolatli organlari Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolab, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi haqidagi ma’lumotlarni tekshirishni boshladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Ukrainada Rossiya harbiylariga o‘z ixtiyori bilan asirga tushishda yordam berish maqsadida tashkil etilgan davlat loyihasi — “Yashashni istayman” tashabbusi Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan va jangovar harakatlarda qatnashgan O‘zbekiston fuqarolarining nomma-nom ro‘yxatini e’lon qilgandi.
TIV matbuot kotibi Ahror Burxonovning ta’kidlashicha, agar yuqorida keltirilgan fuqarolarning jangovar harakatlarda ishtirok etgani tasdiqlansa, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, ular tegishli javobgarlikka tortiladi. Unga ko‘ra, mamlakatdan tashqarida harbiy harakatlarda qatnashish qat’iyan taqiqlangan.
Shuningdek, ro‘yxatda keltirilgan O‘zbekiston fuqarolarining ayrimlari Rossiya fuqaroligini ham olgani ko‘rsatilgan. O‘zbekistonda ikki fuqarolik amalda taqiqlangan. Bu bo‘yicha ham choralar ko‘rilishi aytildi.
Holat haqida batafsil
Kamida 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Bu ro‘yxat to‘liq emas: Rossiya yoki boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan etnik o‘zbeklarni hisobga olsak, ularning umumiy soni bir necha mingga yetishi mumkin.




Loyihada ta’kidlanishicha, bu harbiy asirlar ro‘yxati emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma tuzganlar orasida kamida 109 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida eng yoshi 21 yoshga to‘lmagan, eng kattasi 62 yoshda. Halok bo‘lganlardan biri shartnoma imzolaganidan keyin 8 kun ham yashamagan.



“Rossiya Qurolli Kuchlariga o‘zbeklarni yollash tarixi tojiklar bilan juda o‘xshash: O‘zbekistondan kelayotgan muhojirlar oqimi kamayishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, Rossiya davlati esa ulardan “to‘p go‘shti” sifatida foydalanishdan mamnun. Markaziy Osiyodan kelganlarni o‘z hukmlari bo‘lib qoladigan hujjatni imzolashga esa qamash va deportatsiya qilish tahdidlari bilan “rag‘batlantirmoqdalar”, deyiladi xabarda.



Ma’lumot uchun, “Yashashni xohlayman” — Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan harbiy asirlar masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi shtabning davlat loyihasi hisoblanadi. Loyiha Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ixtiyoriy ravishda asirlikka taslim bo‘lishi uchun yaratilgan.
O‘zbekiston qonunchiligi nima deydi?
Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha (112,5 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, xizmatga yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)